20.02.2024
Kanada aholisi turli millat va irqlardan iborat. Bizga maʼlum Kanadaning birinchi aholisi hindulardir. Hindular qitʼaga qariyb 10 000 yil oldin Bering boʻgʻozi va dengiz orqali Gʻarbiy Osiyodan kelgan deb hisoblanadi. Yevropaliklar mamlakatni birinchi marta tadqiq qilganda, hindu guruhlari oʻrmon maydonlarining katta qismida yashagan. Hindularning faqat kichik bir qismi Atlantika okeani sohilida hayot kechirgan. Kanadada yashagan ikkinchi guruh — eskimoslar boʻlgan. Ular Bering boʻgʻozini 3000 yildan kamroq vaqt avval kesib oʻtgan. Ushbu koʻchishlar haqida bir nechta yozuvlar saqlanib qolgan.
Kanadaning birinchi oq tanli aholisi fransuzlar boʻlgan. Ular Kvebek va Nova Skotiyaga katta guruhlarda kelgan va Fandi koʻrfazining janubiy qirgʻogʻi boʻylab oʻrmonzorlarni tozalab, fermalar qurgan. Oʻz qalʼasini fransuzlar Kvebek-Sitida, Avliyo Lavrentiy daryosining toraygan joyida qurib, fermalar uchun oʻrmon maydonlarini kesib tozalagan. 1763-yildagi inglizlar bosqini vaqtida Kanadada, asosan, Kvebek va Monreal oʻrtasida, 60 mingga yaqin fransuz yashagan. Amerikadagi fuqarolar urushi ularning koʻpchiligini shimolga ketishga majbur qilganiga qadar, Kanadada inglizlar kam boʻlgan.
XIX asr davomida Kanadaga minglab ingliz muhojirlari koʻchib oʻtgan. Angliya, Shotlandiya va Irlandiyadan kelgan bu odamlarning avlodlari hozirda mamlakat aholisining deyarli yarmini tashkil qiladi. Asr oxiriga kelib Yevropadan kelayotgan muhojirlar oqimi ortgan. Ularning koʻpchiligi Germaniya, Chexiya, Polsha, Ruminiya va Ukraina kabi Markaziy va Gʻarbiy Yevropa mamlakatlaridan kelgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.