20.02.2024
Ipak — kapalak qurtining bir turi boʻlgan ipak qurtining nozik toʻridan tayyorlangan ip yoki mato. Toʻr esa ipak qurtining rivojlanishi davrida kapalakka aylanish bosqichidagi pilladir. Ipak ip va mato tayyorlash siri xitoyliklarga taxminan 4000 yil oldin maʼlum boʻlgan.
Afsonaga koʻra, Xitoyning imperatori boʻlgan yosh qiz Si Lin Chi tasodifan pillani suvga tushirib yuborib, uning yaltiroq iplarini ajratib olish mumkinligini aniqlagan. Aytishlaricha, u ipak qurtini yetishtirish va ipak ipdan mato tayyorlash boʻyicha tajribalar oʻtkazgan. Xitoyliklar ipak qurti yetishtirish va ipak tayyorlash sirini yuzlab yillar davomida saqlab kelgan. Qimmatbaho ipak va boshqa mahsulotlarni sotib olish uchun savdogarlar boshqa mamlakatlardan Xitoy chegarasiga kelgan. Bir muncha vaqt oʻtib, Qadimgi Fors va yunon orollarida ipak kiyimlarni chuvatib ip qilib, boshqa naqshli yangi matolar toʻqilgan.
Ipak ishlab chiqarish siri Yaponiyaga taxminan milodiy III asrda kelgan. 550-yilda Vizantiya imperatori Yustinian ikki fors rohibini bambuk hassa ichida ipak qurti tuxumlarini olib kelish uchun Xitoyga yuborgan. Mana shu voqea Konstantinopol atrofida ipak sanoati rivojlanishining boshlanishi boʻlgan. Ipak ishlab chiqarish bu yerdan asta-sekin Yevropaning janubi-gʻarbiy qismiga tarqalgan. Italiyaning ipakdan tayyorlangan ajoyib kimxobi, damasti va chiyduxobasi mashhurlik qozongan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.