20.02.2024
Biz soyabondan yomgʻirdan himoyalanish maqsadida foydalanishga odatlanganmiz. Ammo soyabon aslida boshqa maqsadda ixtiro qilingan. Uning birinchi vazifasi quyosh nurlaridan himoya qilish boʻlgan! Uzoq oʻtmishda foydalanilgan soyabon ixtirochisi kim boʻlgani maʼlum emas. Soyabonni birinchi boʻlib xitoyliklar yasagan deb hisoblanadi. Bu miloddan avvalgi XI asrda sodir boʻlgan! Maʼlumki, soyabon qadimgi Misr va Bobilda quyoshdan himoya vositasi sifatida ishlatilgan. U bilan bogʻliq qiziq fakt mavjud, soyabon hokimiyat ramziga aylangan. Qadimda Uzoq Sharqda soyabondan faqat qirol oilasi aʼzosi yoki yuqori martabali saroy amaldorlari foydalanishi mumkin boʻlgan.
Yevropada soyabonlardan birinchi boʻlib Qadimgi Yunoniston aholisi foydalanishni boshlagan. Biroq yomgʻirdan himoyalanish maqsadida soyabondan foydalangan birinchi yevropaliklar rimliklar boʻlgan degan taxmin ham bor. Oʻrta asrlarda soyabondan foydalanish deyarli toʻxtagan. XVI asr oxirida u Italiyada qaytadan paydo boʻlib, yana hokimiyat ramzini ifodalagan.
Taxminan 1680-yilda soyabon Fransiyada, keyinchalik Angliyada paydo boʻlgan. XVIII asrda soyabon deyarli butun Yevropada yomgʻirdan himoyalanish uchun ishlatilgan. Bu vaqt ichida soyabonning shakli unchalik oʻzgarmagan, ammo vazni yengillashgan. Ayollarning rangli soyabonlari esa faqat XX asrda ishlab chiqarila boshlangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.