20.02.2024
Dvigatel bu — energiyani, odatda issiqlikni mexanik ishga aylantiradigan qurilma. Dvigatel yordamga kelguniga qadar odamlar uzoq vaqt davomida barcha ishni qoʻlda qilgan. Ular dastlab hayvonlar kuchidan foydalangan. Keyin energiya manbasi sifatida yelkanlarni shishiradigan va shamol tegirmonlarini aylantiradigan shamol kuchini ishlatishni oʻrgangan. Suvni haydaydigan va donni maydalaydigan tegirmon oʻziga xos dvigatel boʻlgan. Yuqoridan tushayotgan suvning energiyasi parraklarni aylantirib ish bajargan.
Odamlar issiqlikdan dvigatelda energiya manbasi sifatida ishlatishni oʻrgangandan keyin, bizning butun sivilizatsiyamiz oʻzgara boshlagan. Olovdan olingan issiqlikdan dvigatelni harakatlantirish uchun foydalanilgan birinchi urinish taxminan 2000 yil oldin sodir boʻlgan. Yunon faylasufi Geron birinchi bugʻ dvigatelini yaratgan. Biroq u biror ishni bajarish uchun juda kichiklik qilgan.
1705-yilda ingliz Tomas Nyukomen bugʻ dvigatelini ixtiro qilgan. Bu dvigatel koʻmir konlaridan suvni tortib olish uchun ishlatilgan. Ammo uning yoqilgʻi sarfi juda katta boʻlgan. XVIII asrda Jeyms Vatt takomillashtirilgan dvigatel ishlab chiqargan. U dvigatel yonida biror kishi turib, uni boshqarishni talab qilmaydigan klapanlarni oʻylab topgan. Klapanlar porshenlarning avtomatik ravishda koʻtarilib tushishini taʼminlagan.
1803-yilda Robert Fulton bugʻ dvigatelidan paroxodni harakatlantiruvchi vosita sifatida foydalangan. Georg Stivenson 1820-yilda Angliyada bugʻ dvigatelini qurgan. Bugʻ dvigateli juda ogʻir boʻlgan, chunki yoqilgʻining yonishi bugʻ qozonidan alohida joylashgan oʻtxonada sodir boʻlgan.
1878-yilda nemis Nikolas Otto tomonidan ishlab chiqilgan benzinda ishlaydigan dvigatel vazn muammosini hal qilish yoʻlidagi birinchi bosqich edi. Bu dvigatelga alohida oʻtxonaning keragi yoʻq va u ayni quvvatga ega bugʻ dvigatelidan ancha yengilroq edi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.