20.02.2024
Bugungi kunda hukumat xat va joʻnatmalarimizni yetkazib berishini odatiy hol deb hisoblaymiz. Biroq bunday davlat xizmatini yaratish gʻoyasi juda sekin rivojlangan. Qadimda Fors va Rim hukmdorlari xabarlarni yetkazish choralarini koʻrgan. Ammo bularning barchasi faqatgina davlat idoralari manfaatlarini taʼminlash uchun qilingan. Oʻrta asrlarda savdogarlar gildiyalari¹, uyushmalar va baʼzi universitetlar oʻz faoliyatini ta’minlash uchun kichik kuryerlik xizmatlarini tashkil etgan. Faqat XVI asrga kelib davlatlar doimiy pochta xizmatlarini yaratishni boshlagan. Buning uchun uchta asosiy sabab boʻlgan. Birinchisi — shubhali yozishmalarni tekshirish imkoniyatiga ega boʻlish. Ikkinchisi — davlat gʻaznasi foydasiga daromad manbasini yaratish. Uchinchisi — aholiga xizmat koʻrsatish.
Angliyada davlat pochta xizmati qirol Genrix VIII davrida paydo boʻlgan va vaqt oʻtishi bilan yanada rivojlangan. 1609-yilda hukumat tomonidan vakolat berilgan kuryerlardan boshqa hech kimga xat yetkazib berishga ruxsat berilmagan. Ammo 1680-yilda londonlik bir savdogar shahar va uning atrofidagi joylarga xizmat koʻrsatadigan shaxsiy pochta xizmatini tashkil qilgan. Tashabbus muvaffaqiyatli boʻlgan va davlat tomonidan bu tajriba butun mamlakatda yoʻlga qoʻyilgan.
Pochta xizmati tuzilmasi 1801-yilgacha shu koʻrinishda boʻlgan. 1840-yilda Angliyadagi butun pochta tizimi oʻzgartirilgan. Pochta markalari joriy etilib, mamlakat ichida pochta yetkazib berish uchun yagona narxlar oʻrnatilgan. Pochtani yetkazib berish narxi faqat uning ogʻirligiga bogʻliq boʻlgan. Buyuk Britaniya pochta xizmatidan andoza olib boshqa barcha mamlakatlar ham oʻz xizmatlarini yaratgan.
¹Gildiya — oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropada yirik savdogarlar yoki hunarmandlar birlashmasi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.