Vertolyotni kim ixtiro qilgan?
Vertolyotni kim ixtiro qilgan?
2 min
Tarix

Havoga koʻtarila oladigan uchar apparatlar haqidagi fikr qadimdan boʻlgan. Leonardo da Vinchi milodiy 1500-yildayoq ulkan parrakli vertolyot chizmasini yaratgan. Ammo motorga ega boʻlmagani uchun u hech qachon vertolyot yasashga harakat qilmagan. 1783-yilda Fransiyada “xitoy pirildogʻi” nomi bilan tanilgan oʻyinchoq vertolyot namoyish etilgan. Bu ixtironing muallifi haligacha nomaʼlum. 1796-yilda ser Jon Keyli xitoy pirildogʻining tajribaviy namunalari, shuningdek, bugʻ bilan harakatlantiriladigan vertolyotni yaratgan.

Keyingi yuz yilda vertolyotni loyihalash bilan koʻpchilik shugʻullangan. Bu modellarning baʼzilari hayratlanarli darajada murakkab, ayrimlari esa oddiy boʻlgan, ammo ulardan faqat bir nechtasigina ucha olgan. Kuchli, ammo yengil dvigatellarning mavjud boʻlmagani katta qiyinchilik tugʻdirgan. Bunday dvigatel faqat Birinchi jahon urushi davriga kelib ishlab chiqarilgan. U bortidagi odam bilan yerdan koʻtarila oladigan vertolyotni qurish imkonini bergan.

1909- va 1910-yillarda Igor Sikorskiy ikkita vertolyot yaratgan. Ulardan biri oʻz vaznini koʻtara olgan. 1917-yil oxirida Avstriya-Vengriyaning ikki zobiti bogʻlanma kuzatuv aerostati oʻrnini bosuvchi vertolyot yasagan. Yuqori balandliklarga bir nechta parvozlarni amalga oshirgan bu vertolyotni erkin boshqarish mumkin boʻlmagan. Vertolyotlar borasida ishlar koʻplab mamlakatlarda davom etgan, ammo mashinalarning hech biri konstruktorlar umidini oqlamagan.

1936-yilda Germaniyadan Fokke-Vulf kompaniyasi tomonidan vertolyotning muvaffaqiyatli konstruksiyasi ishlab chiqarilgani haqida xabar kelgan. 1937-yilda u butun mamlakat boʻylab soatiga 70 mil tezlikda va 335 metrdan yuqori balandlikda uchib oʻtgan.

1940-yilda Sikorskiy oʻzining amaldagi birinchi vertolyotini namoyish etgan. Bu vertolyot 1942-yilda AQSh armiyasi qurollari safiga qabul qilingan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!