20.02.2024
Yoqilgʻi bu — issiqlik va yorugʻlik olish, shuningdek, energiya ishlab chiqarish uchun yoqiladigan modda. Yonish jarayoni kimyoviy reaksiyadir. Modda havodagi kislorod bilan birikib, energiya chiqaradi. Energiya issiqlik va yorugʻlik shaklida chiqariladi. Yoqilgʻi tarkibidagi energiyaning kelib chiqish manbasi quyoshdir. Yoqilgʻi olinadigan oʻsimliklar quyosh nurlari energiyasidan oʻz toʻqimalarini rivojlantirish uchun foydalanadi. Yonayotgan yogʻoch va pista koʻmir oʻsimliklar toʻplagan energiyani chiqaradi. Koʻmir va neftni yoqqanimizda esa millionlab yillar oldin yashagan oʻsimliklar toʻplagan energiyadan foydalanamiz.
Turli xil yoqilgʻilar turlari mavjud va aslida yonadigan hamma narsani yoqilgʻi deb atash mumkin. Odatda yogʻoch, koʻmir, tabiiy gaz va benzin yoqilgʻi deb ataladi. Yoqilgʻi qattiq, suyuq va gaz holidagi turlarga tasniflanishi mumkin. Bundan tashqari, uni kelib chiqishiga koʻra, tabiiy, kimyoviy yoki metall asosidagi deb tasniflanishi ham mumkin. Yogʻoch odam ishlatgan birinchi yoqilgʻi boʻlib, u koʻp asrlar davomida eng muhimi boʻlib qolgan. Uni olish osonroq va arzonroq boʻlgan. Ammo XVI asrga kelib Yevropada yogʻoch miqdori kamayib ketgan va koʻmirdan foydalanish boshlangan. Koʻmir tarkibida uglerodning ulushi katta.
Uglerod yoqilgʻilarning aksariyatidagi eng muhim element hisoblanadi. Tarkibida uglerod ulushi katta boʻlgan yoqilgʻi bir tekis yonib, koʻproq issiq beradi. Toshkoʻmir yoki antratsit koʻmirning qolgan turlariga qaraganda koʻproq uglerodga ega boʻlgani uchun u kamroq tutun va kul hosil qiladi. Eng ahamiyatli suyuq yoqilgʻilar hisoblanadigan kerosin, benzin va yonuvchan moylar neftdan olinadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.