Zumradlar qanday paydo bo‘lgan?

Qadimda turli xil qimmatbaho toshlar faqat rangiga qarab ajratilgan. Barcha qizil toshlar yoqut yoki laʼl, yashil toshlar esa zumrad, havorang toshlarning hammasi sapfir deb atalgan. Keyinchalik ba’zi qimmatbaho toshlar boshqalariga qaraganda qattiqroq va uzoqroq vaqt aslicha qolishini payqashgan. Qimmatbaho toshning qiymati nafaqat uning rangi, yorqinligi va noyobligi, balki uning qattiqligiga ham bogʻliq ekani aniqlangan.

Barcha yarqiroq toshlar qimmatbaho deb ataladi. Ammo, ochigʻini aytganda, “qimmatbaho” soʻzi faqat to‘rtta eng qimmatli toshlar — olmos, yoqut, zumrad va sapfirga nisbatan ishlatiladi. Qolgan qimmatli toshlar yarim qimmatbaho toshlar yoki javohirot deb ataladi.

Zumrad qimmatbaho toshlarning eng yumshogʻi boʻlib, berillning bir turidir. Mukammal zumrad toʻyingan, toza yashil rangga ega boʻladi. Ammo benuqson toshlar kamdan-kam uchraydi va shuning uchun narxi juda qimmat.

Qadimda barcha zumradlar Misr konlarida qazib olingan. Bu konlar hozirgi kunda ham faoliyat yuritmoqda, ammo qazib olinayotgan zumradlar miqdori koʻp emas. Bizning davrimizdagi eng yaxshi zumradlar Kolumbiya poytaxti Bogota yaqinidagi konlarda qazib olinadi. Zumrad qatlamlari Rossiyaning Uralida va Zalsburg Alplarida ham mavjud. Bir nechta chiroyli zumradlar Shimoliy Karolinada topilgan. Soʻnggi paytda zumradlar Transvaalda (Janubiy Afrika) ham topilgan.

Zumrad haqida koʻplab afsonalar mavjud. Ulardan biriga koʻra, Iso Masih oxirgi kechki ovqat vaqtida ichgan Graal kosasi ulkan zumraddan oʻyib yasalgan. Zumrad shifobaxsh kuchga ega boʻlib, epilepsiyani davolaydi deb hisoblangan. Boshqa bir eski afsonaga koʻra esa, zumrad sohibiga kelajakni bashorat qilish qobiliyatini ato qilgan. Aytishlaricha, uning yashil yuzasiga tikilib, oʻzingiz bilan sodir boʻladigan narsalarni koʻrishingiz mumkin. Bizga maʼlum boʻlgan eng katta kesilmagan zumradning uzunligi va diametri 5 sm ga teng.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!