Oltin qayerda uchraydi?

Ehtimol, odam uchratgan birinchi metall oltin boʻlsa kerak. Tabiatda qanday holatda uchrashiga koʻra, inson u haqida tarixiy davrlardan ancha oldin bilib olgan va qadrlagan. Oltin qanday topiladi? Oltin qimmatli va noyob deb hisoblansa-da, tabiatda u juda koʻp. Muammo shundaki, aksariyat hollarda oltin konini qazish unchalik foydali emas, chunki unda metall yetarli emas. Masalan, okean suvi tarkibida oz miqdorda oltin mavjud. Ammo shu qadar kamki, hech kim oltinni suvdan qanday ajratib olishni bilmaydi. Ammo okeanlarda shunchalik koʻp suv borki, ulardagi oltinning umumiy miqdori oʻn milliard tonnani tashkil qilishi mumkin.

Oltin ikki xil koʻrinishda uchraydi: sof holda, yaʼni u boshqa minerallar aralashmasisiz va boshqa metallarning rudalari bilan birikkan holda. Sof oltin koʻpincha kvars konlari yoki temir kolchedan¹ qatlamlarida uchraydi. Baʼzida kvars yoki kolchedan suv va shamol taʼsiriga uchraydi. Natijada oltin zarralarini oʻrab turgan tosh yedirilib, sof oltin zarrachalari ochilib qoladi. Asta-sekin bu zarrachalar suv bilan vodiylar tubiga yuvilib tushib, qum va shagʻalga aralashadi. Bunday oltin “choʻkindi” yoki “sochilgan” deb ataladi.

Inson dastlab sochilgan oltinni topgan. Oltin zarralarining oʻlchami mayda chang zarrachalaridan tortib, Avstraliyada topilgan, vazni taxminan 70 kg boʻlgan “Orzu qilingan notanish” kabi katta sof oltin boʻlagiday boʻlishi mumkin. Oltin koʻpincha boshqa metallarning rudalarida uchraydi. Kumush rudalarida deyarli har doim oltin zarralari boʻladi. Mis rudalari ham koʻpincha oltin bilan birikkan boʻladi.

Bugungi kunda oltin boshqa metallar bilan bir xil usulda qazib olinadi. Oltin konlariga shaxta deb ataladigan chuqur kavlab boriladi. Uning chuqurligi bir kilometrdan ortiq boʻlishi mumkin! Keyin ruda portlatiladi, aravachalarga yuklanib, shaxta olib boriladi va yer yuzasiga olib chiqiladi. U pulpa deb ataladigan mayda qum holatigacha maydalanadi va kimyoviy taʼsir bilan oltin boshqa moddadan ajratib olinadi. Dunyoning uchta yirik oltin qazib oluvchi davlatlari — Janubiy Afrika, Rossiya va Qoʻshma Shtatlar.


¹Kolchedan — metallarning oltingugurt, margimush yoki selen bilan birikuvidan hosil boʻlgan minerallarning umumiy nomi va shunday mineralli rudalar.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!