20.02.2024
Inson oltinni har doim qadrlaganining uchta sababi bor: goʻzalligi, kimyoviy inertligi va kamyobligi. Agar temir oltin kabi kamdan kam uchraganida, ehtimol u ham shunchalik yuqori baholangan boʻlar edi. Oltin yumshoq, sariq rangli metalldir. U eng ogʻir kimyoviy elementlardan biri boʻlib, bu metalning 200 sm³ hajmdagi boʻlagining ogʻirligi 540 kg dan ortiq boʻladi. Oltin eng oson ishlov beriladigan metallardan biridir. Uni hech bir qiyinchiliksiz har qanday shaklga keltirish mumkin: bir gramm oltinni maydoni deyarli 2 m² ga teng plastinkaga aylantirish mumkin. Boshqa metallardan farqli oʻlaroq, oltin havoda xiralashmaydi (uzoq vaqt ochiq havoda qolib ketgan kumush bilan nima sodir boʻlishini bilsangiz kerak). Oltin yorqinligicha qolib, oʻz jilvasini yoʻqotmaydi. Balki bu jihat odamlar oltinni yuqori qadrlashining birinchi sababidir. Shuningdek, oltin eng kimyoviy faolligi past metallardan biridir. U faqat bir nechta kislotalar bilan reaksiyaga kirishadi.
Oltindan har doim pul sifatida foydalanilgan. Tangalar boshqa metallardan zarb qilingan boʻlsa-da, ularning qiymati har doim shubha ostida boʻlgan, oltin tangalarniki esa — hech qachon. 1914-yilgacha dunyodagi deyarli barcha valyutalar oltin bilan oʻlchangan. Bu AQSh dollari, Fransiya franki, Germaniya markasi va boshqalar oltinga nisbatan belgilangan narxga ega boʻlganini anglatadi. Istalgan vaqtda valyutani oltinga almashtirish mumkin boʻlgan. Oltin standarti deb ataladigan bu tizim hozirgi vaqtda ishlatilmasa ham, oltin haligacha xalqaro savdoda muhim rol oʻynaydi. Oltin mamlakatning tashqi savdosini taʼminlaydigan zaxira sifatida ishlatiladi.
Oltin har yerda ishlatiladi. Har yili ishlab chiqarilgan oltinning taxminan 10 foizidan zargarlar foydalanadi. Oltin stomatologiyada ham qoʻllanadi. U elektr tokini yaxshi oʻtkazgani sababli maʼlum turdagi elektr kontaktlarida ishlatiladi. Oltinning kamyobligi uning narxi yuqori boʻlishini taʼminlaydi. Bugungi kunda qazib olinayotgan oltinning yarmidan koʻpi 1886-yilda Janubiy Afrikada topilgan dunyodagi eng boy oltin konlaridan keladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.