20.02.2024
Xrom bu — metall. Bu qattiq va moʻrt hamda korroziyaga juda chidamli. U oqish-kumush rangga ega va jilolangandan keyin yaltiraydi. Elektr va issiqlikni yaxshi oʻtkazmaydi. Xromni tabiatda metall holida uchratib boʻlmaydi. U aksariyati yorqin rangga ega bir nechta minerallar tarkibida uchraydi, ammo xrom faqat bitta mineraldan ajratib olinadi. Bu xromit deb ataladigan ogʻir qora mineral.
Bu mineralning eng katta konlari Janubiy Afrika, Rossiya, Filippin va Zimbabveda topilgan. Koʻpchiligimiz xromni faqat avtomobil bamperlari va boshqa metall buyumlarda yaltiroq qoplama sifatida ishlatilgani uchun bilamiz. Aslida, xrom qoʻllanadigan eng muhim soha poʻlat qotishmalardir. Oz miqdorda qoʻshilgan xrom poʻlatni mustahkamroq, qattiqroq va korroziyaga chidamliroq qiladi.
Xrom zanglamaydigan poʻlatning muhim qismidir, chunki u korroziyaga qarshi barqarorlik zarur boʻlgan joylarda keng qoʻllanadi. Masalan, xromli zanglamaydigan poʻlatdan pichoq, sanchqi, qoshiq, kastryulka, oshxona chanogʻi, peshtaxta, asboblar, sutni qayta ishlash uskunalari va hatto jarrohlik asboblari ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Xrom metall buyumlarni yaltiroq qoplama bilan qoplash uchun ishlatiladi. Bu qoplama galvanik qoplash deb ataladigan jarayon yordamida hosil qilinadi. Xromli qoplama dastlab soat, zargarlik buyumlari va uy anjomlariga zeb berish va himoya qilish uchun ishlatilgan. Mashina ishlab chiqaruvchilari undan bamper va salonning ichki pardozi uchun taxminan 1925-yildan boshlab foydalana boshlagan.
Hozirgi kunda xromlash asosan avtomobilsozlik sanoatida qoʻllanadi. Mashinalarning ishqalanish tufayli yedirilishga uchraydigan qismlari, masalan, uzatish mexanizmlari va ularning yuzalari koʻpincha xrom bilan qoplanadi. Xrom bilan qoplangan bunday harakatlanuvchi qismlar moysiz ishlashi mumkin. Xrom tuzlari terini oshlash va matoni boʻyash uchun ishlatiladi. Xromning koʻplab yorqin rangli tarkibiy qismlari boʻyoqlarda foydalaniladi. Koʻrib turganingizdek, xrom insoniyat uchun eng foydali metallardan biridir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.