Alyuminiy folga nimadan yasaladi?

Alyuminiy folga¹ nima ekani haqida oʻzingizga savol berganmisiz? Alyuminiy — yer qobigʻida eng koʻp uchraydigan metall boʻlib, yer qobig‘ining 7–8 foizini tashkil qiladi. Ammo alyuminiy tabiatda sof holatda uchramaydi. U tarkibini parchalash juda qiyin kechadigan boshqa kimyoviy elementlar bilan birikmada boʻladi. Eng muhim alyuminiy rudasi loyning bir turi boʻlgan boksit rudasidir. Uning tarkibi 40 foizdan 60 foizgacha alyuminiy oksididan iborat. Alyuminiy koʻplab mahsulotlar uchun foydali boʻlgan bir qator xususiyatlarga ega.

Alyuminiy yengil boʻlib, vazni temir, mis, nikel, rux kabi metallardan uch baravar kam. Alyuminiy elektr tokini yaxshi oʻtkazadi, shuningdek, yaxshi issiqlik oʻtkazgich boʻlgani uchun koʻpincha texnikaning sovitish tizimi radiatorlarida ishlatiladi. Alyuminiy korroziyaga chidamli: havoda qolganida darhol kislorod bilan reaksiyaga kirishib, metallni keyingi kimyoviy taʼsirlardan himoya qiladigan va korroziyaning oldini oladigan yupqa, mustahkam rangsiz qoplama hosil qiladi. Shu va boshqa sabablarga koʻra alyuminiy folga tayyorlashda ishlatiladi.

Folga — har qanday metallning qalinligi taxminan 0,127 mm yoki undan ham kam boʻlgan qatlami. Metallni bunday qalinlikda yoyish uchun juda aniq mexanizmlar kerak. Qalinlikdagi hatto eng kichik oʻzgarish ham folga ustida ajralib turadi. Alyuminiy va boshqa metallarni yoyish uchun aniq qalinlikni taʼminlaydigan har xil turdagi chigʻir uskunalari ixtiro qilingan.

Alyuminiy shunchalik yumshoqki, uni 0,005—0,008 mm qalinlikdagi folga holatida yoyish mumkin. Buning uchun sof alyuminiy ishlatiladi. Ammo folga mustahkam boʻlishi uchun asosan alyuminiy qotishmalari ishlatiladi. Bunday holda, boshqa metallar alyuminiy bilan biriktiriladi. Roʻzgʻorda ishlatiladigan alyuminiy folga namlik va gazga chidamli, yogʻdan saqlaydi, hid va taʼmga ega emas, korroziyaga bardoshli, issiqlikni aks ettiradi va yorugʻlik oʻtkazmaydi.


¹Folga — zar qogʻoz (juda yupqa, metall varaq).

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!