20.02.2024
Avvalo, marjon¹ nima ekanini aniqlab olaylik. Marjon boʻlagi “marjon poliplari²” deb ataladigan mayda dengiz hayvonlarining siqilgan skeletlari. Polip skeleti uning tanasi tashqarisida oʻsadi. Shakli kosaga oʻxshaydigan bu skelet polip tanasini saqlash va himoya qilish uchun xizmat qiladi va organizm bilan birga oʻsadi. Polip nobud boʻlgach, uning skeleti qoladi. Marjon riflari³ va orollar milliardlab mana shunday mayda skeletlardan hosil boʻladi. Marjon koloniyasi tirik marjonlardan iborat. Ularning har biri poydevorga — toshga yoki marjonlarning oldingi avlodlari skeletlariga yopishgan.
Marjon koloniyalarini barcha dengizlarda uchratish mumkin, ammo riflar hosil qiladigan marjonlar faqat iliq, toza, sayoz suvlarda yashaydi. Garchi ular uchun eng maʼqul chuqurlik taxminan 45 metr boʻlsa-da, dunyoning baʼzi hududlarida marjon riflari okeanning juda chuqur qaʼridan koʻtariladi. Marjon riflari qanday paydo boʻlishi haqidagi jumboqni taniqli tabiatshunos Charlz Darvin yechgan. Darvin yer yuzasi oʻzgarib turishini bilgan. Baʼzi joylarda togʻlar paydo boʻladi, boshqa hududlarda esa yer qobigʻi choʻkadi. U marjon riflarini oʻrganish vaqtida ularni uch turga — oʻrab turuvchi riflar, toʻsiq riflar va atollarga (yaʼni marjon halqalar) boʻlish mumkinligini payqagan.
Bu maʼlumotlarning barchasini umumlashtirib, u quyidagi nazariyani taklif qilgan. Vulqon oroli suvosti vulqoni suv yuzasidan koʻtarilgan joyda hosil boʻladi. Orol atrofidagi sayoz suvlarda uni oʻrab oladigan marjonlar rifi hosil boʻladi. Vaqt oʻtishi bilan vulqon susayib, soviydi va dengizga choʻkishni boshlaydi. Natijada, oʻrab turgan rif oroldan keng suv kanali bilan ajralib chiqadi va asta-sekin oʻsib, toʻsiq rifiga aylanadi.
Agar vulqon suvga butunlay choʻkib gʻoyib boʻlsa, yuzada faqat marjon rifi qoladi. Endi u atoll yoki koʻrfazni oʻrab turgan marjon halqasi deb ataladi. Bundan tashqari, bugungi kunda bilamizki, okean sathi koʻtarilishi va pasayishi mumkin boʻlganidek, orol qirgʻoqlarini ham suv bosishi va koʻtarilishi mumkin. Bu oʻzgarishlarning barchasi marjon riflari paydo boʻlishining sabablarini izohlashga yordam beradi.
[1] Marjon (korall) — 1 zool. Bir joyda bir-biriga yopishib yashovchi dengiz hayvoni; 2. Shu hayvonlarning toshga aylangan qoldigʻi va undan yasalgan bezak buyumi.
[2] Polip — qimirlamay bir joyda yashaydigan kovakichaklilarga mansub dengiz hayvoni.
[3] Rif — suv ichidagi qoya.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.