20.02.2024
Dengiz boʻyida sayr qilganda, katta ehtimol bilan toʻlqinlar sohildagi qum ustiga chiqarib tashlagan dengiz chigʻanoqlarini koʻrgan boʻlsangiz kerak. Ayrim nobud boʻlgan dengiz hayvonlarining sobiq uyi vazifasini bajargan bunday chigʻanoqlar deyarli har doim boʻsh boʻladi. Aytgancha, chigʻanoqlar oʻrmonli joylar, daryolar va hovuzlarda ham uchraydi. Chigʻanoqlar haqida gap ketganda, odamlar odatda “mollyuskalar” deb ataluvchi yumshoq tanali hayvonlarni nazarda tutadi. Mollyuskalarning aksariyati yumshoq tanasini himoya qiladigan chigʻanoqqa ega.
Chigʻanoq mollyuskaning skeletidir. U hayvonning bir qismi boʻlib, mollyuska unga mushaklari bilan birikadi. Ichkaridagi yumshoq mollyuska “uyini” hech qachon tark etmaydi. Chigʻanoqni mollyuskaning oʻzi ohaktoshdan yaratadi. Uning muayyan bezlari ohaktoshni suvdan olib, uning eng mayda zarrachalarini chigʻanoqning chetlari yoki ichki qismi boʻylab yotqizib chiqadi. Ichkaridagi mollyuska oʻsgani sababli chigʻanoq ham kattalashib boradi. Chigʻanoqning tashqi chetiga parallel ravishda oʻtgan chandiqlar (qalinlashuvlar) koʻrinishidagi oʻsish chiziqlarini koʻrish mumkin.
Ehtimol, bunday oʻsish chiziqlarini ustritsalar chigʻanogʻida koʻrgan boʻlishingiz mumkin. Boshqa chandiqlarning paydo boʻlishiga mollyuskaning “mantiyasi”dagi chandiqlar yoki uning tanasi mushaklari sabab boʻladi. Mollyuskaning chigʻanogʻi uch qatlamdan iborat. Tashqi qismi tarkibida ohak boʻlmagan muguz modda qatlami bilan qoplangan. Uning ostida kalsiy karbonat qatlami joylashgan. Ichki qatlam — “marvarid yaratuvchisi” yoki sadaf. U juda yupqa kalsiy karbonat va muguz modda qatlamidan iborat. Chigʻanoqning rangi mollyuskaning ayrim bezlari ishlab chiqaradigan modda rangiga bogʻliq. Shuning uchun chigʻanoq dogʻli, bir xil rangli yoki chiziqlar bilan boʻyalgan boʻlishi mumkin.
Baʼzi chigʻanoqlar shunchalik kichikki, ularni faqat kattalashtiruvchi oyna orqali koʻrish mumkin, shu bilan birga, ulkan dengiz mollyuskasining uzunligi bir metrgacha yetishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.