20.02.2024
Dengizda doimiy ravishda harakatda boʻladigan ulkan suv massalari mavjud. Suvni harakatga keltiradigan koʻplab sabablar boʻlgani uchun ularning aylanishi juda murakkab. Ulardan biri shundaki, zich suv pastga choʻkadi, yengilroq suv esa yuqoriga koʻtariladi. Okeandagi eng zich suv sovuq va shoʻrdir. Dengiz suvi Shimoliy muz okeani va Antarktida yaqinida muzlaganda shunday holatga keladi. Bunday muzlash natijasida hosil boʻlgan muzda tuz miqdori juda oz boʻladi. Muz hosil boʻlgandan keyin qolgan sovuq shoʻr suv dengiz tubiga choʻkadi.
Okeandagi eng shoʻr suv tropiklar hududida joylashgan. Juda iliq boʻlgan bu suv ostidagi sovuq suv kabi shoʻr va zich boʻlmagani uchun okean yuzasida qoladi. Shoʻr suvni shamollar harakatlantiradi. Baʼzan shamol va qirgʻoq chiziqlari harakatlanayotgan turli suv massalarini birlashtiradi va suv tezroq oqishga majbur boʻlib, oqim hosil qiladi. Oqimlar dengizdagi daryolarga oʻxshaydi.
Eng mashhur oqim Benjamin Franklin tomonidan kashf etilgan Golfstrimdir. Golfstrim Atlantika okeanida ekvator yaqinida boshlanadi. Ekvator yaqinidagi doimiy shamollar deyarli har doim sharqdan esadi. Ular iliq shoʻr suvni Karib dengizi orollari boʻylab Florida yarimoroli va AQShning sharqiy qirgʻogʻi hosil qilgan ulkan koʻrfazga haydaydi. Suv bu yerda toʻplanib, keyin shimolga, Gatteras burni tomon oqadi. Bu yerda Golfstrim torayib, tezroq oqishni boshlaydi. Uning tezligi soatiga bir necha kilometrni tashkil qiladi. Oqimning bu yerdagi eni 16 kilometrdan kamroq, chuqurligi esa taxminan 550 metrni tashkil qiladi.
Yerdagi daryo singari, Golfstrim ham okean yuzasi boʻylab toʻgʻri emas, balki ilon izi boʻlib oqadi. Ammo daryodan farqli oʻlaroq, aniq yoʻnalishi boʻlmagani uchun Golfstrim har doim ham bir joyda oqmaydi. Golfstrim kabi suv yuzasidagi oqimlarning aksariyati ostida yana bir nechta oqimlar mavjud. Ular qarshi oqimlar deb ataladi. Ular teskari yoʻnalishda, lekin yuzadagi asosiy oqim bilan bir xil yoʻlda harakatlanadi. Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishi ham oqimlarning shakllanishiga taʼsir qiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.