Kontinental shelf haqida eshitganmisiz?

Kontinental shelf¹ nima?

Atlantika okeani haqida soʻz ketganda, faqat suvning yuqori qatlami nazarda tutiladi. Ammo suv ostida, okean tubida nima bor? Tasavvur qilaylik, biz Nyu-Yorkdan Atlantika okeani boʻylab sharqqa sayohat qilamiz. Shunda koʻz oʻngimizda mana bunday manzara namoyon boʻladi. Taxminan 320 km gacha okean tubi asta-sekin pasayib boradi. Odatda u tekis boʻlib, baʼzida “V” shaklidagi vodiy va kanyonlar uchraydi. Bu Shimoliy Amerika qitʼasining bir qismi boʻlgan kontinental shelf. U juda pastda joylashgani uchun dengiz tagida qolib ketgan.

Taxminan 360 m chuqurlikda shelf kutilmaganda tugaydi. Endi u ravon pasayib bormasdan, birdan tik jarlik boshlanadi. Bu qitʼaning chekkasi yoki okean tubiga tushadigan qiyalik. Bu qiyalik boʻylab taxminan 4 km chuqurlikka tushamiz. Endi okeanni eng chuqur joyidan kesib oʻtamiz. Bu yerda okean tubi tekis boʻlib, u chuqur suv osti tekisligi deb ataladi. Bunday tekisliklar okean maydonining uchdan bir qismini egallaydi va Yer yuzidagi eng tekis joylardan biridir.

Okean ostida harakatlanishda davom etib, tez orada suv osti tepaliklariga yetib boramiz. Bu Oʻrta Atlantika tizmasi. Tizmaning oʻrtalariga yaqin joyda tepaliklar balandroq va tikroq boʻlib, baʼzilari togʻlar singari okean tubidan 1500 m balandlikka koʻtarilgan. Bu togʻlar orasida tekis yuzaga ega boʻlgan chuqur suv osti vodiylari bor. Tizmaning qoq oʻrtasida eng katta suv osti vodiysi joylashgan. U tizmaning ikki qismi orasidagi yoriqqa oʻxshaydi.

Sharq tomon harakatlanishda davom etsak, Portugaliya qirgʻoqlari yaqinidagi kontinental shelfga bir tekis koʻtarilib boradigan yana bir chuqur dengiz tekisligini kesib oʻtamiz. Atlantika okeani tubidagi manzara mana shunday koʻrinishga ega.


¹Shelf — dengiz va okeanlar qirgʻogʻini oʻrab turadigan suv osti sayoz tekisligi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!