Arxeologlar nima topganini qanday biladi?

Arxeolog qadimda odamlar tomonidan koʻmilgan narsalarni qazib oladi. Savol shundaki, u qanday qilib shahar, odamlar va narsalarni avvalgidek tasavvur qilishi, topgan narsalari orqali oʻtgan hayotni tasavvurida qayta tiklashi mumkin? Gap shundaki, u har doim ham buni qila olmaydi, chunki oʻtmishdagi odamlar hayotini toʻliq tiklashi uchun kerakli narsalarni hamisha ham topa olmaydi.

Axir, u faqat ajdodlar qoldirgan narsalarnigina topadi va odatda bu kundalik ishlatilgan narsalardir. Bu uy, ish quroli, zargarlik buyumi, idish, oʻyinchoqning qoldiqlari, shuningdek, isteʼmol qilingan hayvonlarning suyaklari boʻlishi mumkin. Ammo ibtidoiy odamlar hayotida muhim boʻlgan koʻp narsalarni topib boʻlmaydi. Teri, yogʻoch, paxta, jun va somondan yasalgan buyumlar odatda tezda parchalanadi va hech qanday qoldiq qoldirmaydi. Qadimgi odamlarning kiyimlari arxeologlar uchun yana bir jumboqdir. Arxeolog ularning mato yoki teridan foydalanganini aytishi mumkin, ammo tasvirlar qoldirilmagan boʻlsa, u davrdagi odamlarning kiyimlari haqida biror fikr bildirish qiyin.

Shuningdek, arxeolog ibtidoiy odamlar badiiy didga ega boʻlganmi yoki yoʻqmi degan savolga ham javob bera olmaydi, ularning fikr va gʻoyalari haqida deyarli hech narsa bilmaydi. Shuning uchun uning dastlabki odamlar hayoti haqidagi tasavvuri unchalik toʻliq boʻlmasligi mumkin. Ammo shunga qaramay, arxeolog bizga koʻp narsalarni aytib berishi mumkin. Avvalo, u shaharlar qanday tartibda — biri boshqasining xarobalari ustida qurilganini aniqlab beradi. Keyin u buyum topilgan shaharni bilishi kerak. Har bir topilgan buyumga yorliq biriktirilib, suratga olinadi, oʻlchanadi va hokazo. Agar arxeologik qazish ishlari olib borilayotgan joy tarixiy davrlarga tegishli boʻlsa, u hududning qadimiy yozuvini bilishi kerak.

Topilgan materiallarni identifikatsiyalash va tahlil qilishda arxeologlarga yordami tegadigan koʻp mutaxassislar — geolog, botanik, zoolog va boshqalar koʻmak beradi. Baʼzida arxeolog oʻz topilmalari haqidagi ishlarini nashr etishi koʻp yillik mehnat va ilmiy izlanishlarni talab qiladi. Ammo u bu vazifani uddalasa, koʻz oʻngimizda oʻtmishning ajoyib manzarasi — qadimgi xalqlar hayoti paydo boʻlishi mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!