20.02.2024
Albatta, koʻpchiligimiz “sfinks”ni eshitganimizda Misrdagi Giza shahri yaqinidagi piramidalar yonida joylashgan Buyuk Sfinksni tasavvur qilamiz. Aslida, sfinks qadimgi afsonalardagi maxluqdir. Yunonlar uni ayol kishi boshi, sherning tanasi va qanotlar bilan tasvirlagan. Misrliklar uni erkak kishining boshi va koʻkragiga ega qanotsiz sher sifatida tasavvur qilgan.
Misr Sfinksi dastlab Buyuk Piramida qurilishidan qolgan ulkan tosh boʻlgan. Keyinchalik bu toshdan odam boshiga ega, balandligi 20 m, uzunligi esa 73 m boʻlgan ulkan sher tarashlangan. Chamasi, sfinksda Misrning toʻrtinchi sulolasiga mansub firʼavn Xafrenning yuzi aks ettirilishi kerak boʻlgan. Qadimda sherlar Nil vodiysi ortidagi choʻlda yashagan. Ular kuchli va chiroyli boʻlgani sababli misrlik haykaltaroshlar toshlardan ularning haykallarini tarashlab yasab, ibodatxonalarni qoʻriqlashi uchun kirish joylariga qoʻygan. Keyinchalik sherning boshi oʻrniga firʼavn boshini yasay boshlashgan.
Qadimgi Misrda firʼavnlar Ra ismli Quyosh xudosining elchisi va vafot etganida, uning oʻzi Quyosh xudosiga aylandi deb hisoblangan. Shuning uchun Buyuk Sfinks firʼavnni piramidalarni qoʻriqlayotgan Quyosh xudosi sifatida tasvirlaydi. Buyuk Sfinksdan kattaroq sfinks boʻlmasa-da, koʻplab firʼavnlar oʻz tasvirlarini sfinks shaklida qoldirgan. Bir holatda sfinks taxtni egallab olib, mamlakatni boshqargan ayol — malika Xatshepsutning yuzi bilan yasalgan. Bu sfinks malika Xatshepsutning kuchini aks ettirish uchun yuzi soqolli etib tarashlangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.