20.02.2024
Obelisk — uchi piramida shaklidagi toshdan tarashlab yasalgan minora. Eng mashhur bunday ilk yodgorliklar Misrda yasalgan. Ular haqiqiy deb hisoblanadi, chunki ularning har biri yaxlit toshdan yasalgan. Qoʻshma Shtatlardagi Banner Xill va Vashington memoriali kabi baʼzi mashhur yodgorliklar obeliskka oʻxshasa-da, ular koʻplab kichik toshlardan yasalgan.
Misrliklar obeliskni Quyosh ruhi saqlanadigan joy deb hisoblagan. Obelisklarni odatda juft holda yasab, ibodatxona va maqbaralar darvozasining har ikki tomoniga joylashtirilgan. Uchi odatda quyosh nurlarini aks ettirishi uchun oltin kabi yaltiroq metall bilan qoplangan. Ularning toʻrt tomoniga esa iyerogliflar bilan bu obelisklarni qurishga amr bergan firʼavnlar shaʼniga ularni madh etuvchi yozuvlar bitilgan.
Misrning barcha obelisklari Asuan yaqinidagi tosh konlaridan qazib olingan granitdan yasalgan. Ulardan baʼzilarining balandligi 24 metr boʻlgan. Misrliklar bu ulkan palaxsalarni boshqa joyga qanday koʻchirishgan? Buni hech kim aniq bilmaydi. Hisob-kitoblarga koʻra, uni tortib olib borish uchun 20 mingdan ortiq odam kerak boʻlgan. Obelisklar tosh konidan Nilga olib kelingan, keyin barjalarga¹ yuklanib, turli shaharlarga joʻnatilgan. Tarix davomida Misr obelisklari butun dunyo boʻylab tarqalib ketgan. U qadimgi rimliklarni ham hayratda qoldirgan. Rimliklar miloddan avvalgi 30-yilda Misrni zabt etgandan soʻng, 15 ga yaqin obeliskni Italiyaga koʻchirishgan.
Buni qanday amalga oshirishganini hech kim bilmaydi. Rimdagi Avliyo Pyotr sobori oldida turgan obelisk aynan oʻsha vaqtda Rimga koʻchirilgan va 16 asr oʻtib, 1585-yilda u sobor oldidagi maydonga oʻrnatilgan. Bu ish taxminan bir yil davom etgan. XIX asrda Misrdan uchta obelisk olib ketilgan. Birinchisi 1836-yilda Parijdagi Rizolik maydoniga qurilgan. Ikkinchi obelisk 1880-yilda Londondagi Temza daryosi boʻyiga, uchinchisi esa 1881-yilda Nyu-Yorkning Markaziy bogʻida oʻrnatilgan. London va Nyu-York obelisklari “Kleopatra ignasi” deb nomlanadi.
¹Barja — shatakka olib yuriladigan yoki oʻziyurar yassi yuk kemasi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.