20.02.2024
Burj¹ nima ekani haqida oʻzingizga savol berganmisiz? Qadimda tunda osmonni kuzatgan odamlar koʻplab yorqin yulduzlar maʼlum bir tartibda joylashib, guruhlar hosil qilganini payqagan. Bu guruhlarni biz yulduzlar turkumi deb ataymiz. Har bir qadimgi sivilizatsiyada odamlar bu yulduz turkumlariga xudolar, qahramonlar, hayvonlar yoki hammaga tanish narsalarning nomini bergan.
Yulduz turkumlarini oʻrganayotgan qadimgi odam ular osmon boʻylab harakatlanayotganini payqagan. Ayrim yulduz turkumlari bahorda paydo boʻlib, osmon boʻylab oʻtgan va keyin gʻoyib boʻlgan. Ularning ortidan yoz, kuz va qishki yulduz turkumlari kelgan. Kuzatishlar jarayonida 12 ta yulduz turkumi aniq ajralib turgan. Quyosh va Oy osmonning ushbu 12 yulduz turkumi joylashgan qismida koʻtarilib botgan. Shuning uchun osmonning Quyosh, Oy va sayyoralar oʻtgan qismi burj deb nomlangan va bu “tirik mavjudotlar doirasi” degan maʼnoni anglatadi. Bu nom koʻpchilik yulduz turkumlari tirik mavjudotlar nomi bilan atalgani uchun paydo boʻlgan. Burj qadimgilar tomonidan 12 ta sektorga boʻlingan boʻlib, ularning har biri 12 ta yulduz turkumidan biri nomi bilan atalgan.
Bizga bu yulduz turkumlari Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv va Hut nomlari bilan maʼlum. Oʻn ikkita yulduz turkumi burj belgilari deb ataladi. Har oy sharqiy ufqda yangi burj belgisi paydo boʻladi va Quyosh ham, Oy ham aynan shu belgidan koʻtariladi. Qadimgi davrlarda odamlarga burjning 12 yulduz turkumiga qoʻshimcha ravishda, yana 36 tasi yaxshi maʼlum bo‘lgan va barchasi birgalikda “qadimgi” yulduz turkumlari deb atalgan. Keyinchalik yana 40 ta boshqa yulduz turkumlari kashf etilgan va ular “yangi” yulduz turkumlari deb nomlana boshlangan.
¹Burj — quyoshning yillik harakati yoʻlida bosib oʻtadigan oʻn ikkita yulduzlar turkumi majmui.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.