20.02.2024
Insonning oʻzini nomaʼlum kuchlardan himoya qilish yoki oʻzi uchun yaxshi taqdir yaratish istagi butun dunyo boʻylab minglab xurofotlarning paydo boʻlishiga olib kelgan. Aslida, xurofotlarni omad keltiradigan va kulfatdan darak beradiganlarga ajratishimiz mumkin. Butun dunyo odamlari toʻrt bargli beda farovonlik va baxtdan darak beruvchi belgi ekaniga ishonadi. Bu shunchalik qadimiy xurofotki, hech kim uning qanday yoki qayerda paydo boʻlganini aniq ayta olmaydi.
Ammo bir qadimiy afsonada aytilishicha, jannatdan haydalgan Momo havo oʻzi bilan toʻrt bargli bedani olib ketgan. Beda jannat bogʻidan olingan oʻsimlik boʻlgani uchun, agar u kimningdir bogʻida topilsa, bu omad belgisi deb hisoblana boshlangan. Taqaning omad keltirishiga boʻlgan ishonch ham shunchalik keng tarqalgan va buni izohlash qiyin. Deyarli har bir mamlakatning taqa bilan bogʻliq oʻz afsonasi yoki anʼanasi bor. Irlandiyaliklarning aytishicha, ot Masih tugʻilgan otxonada boʻlgan, shuning uchun ham taqa sehrli kuchga ega.
Ilgari Rossiyada temirchilarni koʻpincha sehrgar deb hisoblashgan va aytishlaricha, oʻzlarining sehrini namoyish qilish uchun taqadan foydalangan. Hatto qadimgi rimliklar ham yoʻlda topilgan taqani kasalliklardan himoya qilishiga ishonishgan. Ehtimol, bu oʻsha paytlarda temir baxt keltiruvchi deb hisoblangani bilan bogʻliqdir. Yomon alomatlardan biri boʻlgan qora mushukdan qoʻrqishga kelsak, bu eng qadimiy xurofotlardan biridir. Oʻrta asrlarda odamlar jodugarlar mavjudligiga ishongan davrda, jodugar va yovuz ruhlar qora mushuk qiyofasini olishiga ishonishgan.
Bizning davrimizda haligacha yoʻlini qora mushuk kesib oʻtgan koʻpchilik odamlar oʻzlarini noqulay his qiladi. Singan koʻzgu qadimdan yetib kelgan yana bir yomon alomatdir. Qadimgi Yunonistonda odamlar xudoning irodasi koʻzguda koʻrinishiga ishongan. Shuning uchun tasodifan singan koʻzgu xudo odam kelajagini koʻra olishini istamayotganini va muammolar boʻlishini anglatgan. Rimliklar esa inson salomatligi har yetti yilda bir bor oʻzgarib turishiga ishongan. Koʻzgu inson salomatligini aks ettirgani sababli ular singan oyna inson salomatligi yetti yil ichida izdan chiqishini anglatadi deb oʻylashgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.