20.02.2024
Garchi zamonaviy Olimpiya oʻyinlari Qadimgi Yunonistonda oʻtkazilgan oʻyinlar asosida oʻtkazilayotgan boʻlsa-da, ular oʻrtasida koʻplab muhim farqlar mavjud. Oʻyinlar qadimda boʻlgani kabi har toʻrt yilda bir marta oʻtkaziladi. Oʻsha kunlarda oʻyinlarni oʻtkazish uchun urushlar toʻxtatilgan, ammo I va II jahon urushlari tufayli 1916-, 1940- va 1944-yillarda Olimpiada oʻtkazilmagan. Qadimda Olimpiya oʻyinlari har doim Yunonistonda, Olimpiya togʻlarida oʻtkazilgan. Hozirgi har bir zamonaviy Olimpiada esa dunyoning turli yirik shaharlarida oʻtkaziladi.
Ilgari oʻyinlarda faqat Yunoniston fuqarolari va Oʻrta dengiz mamlakatlari sportchilari ishtirok eta olgan. Zamonaviy oʻyinlarga barcha millatlarning sportchilari taklif etiladi. Yana bir katta farq shundaki, ayollar oʻrtasidagi musobaqalar zamonaviy oʻyinlarning muhim qismiga aylandi. Gʻolib ayollar ham gʻalaba qozongan erkaklar bilan bir xil hurmat-ehtiromga sazovor boʻladi. Qadimgi oʻyinlarda madaniy yutuqlar uchun ham mukofotlar boʻlgan, zamonaviy musobaqalar esa toʻliq atletikdir.
Zamonaviy olimpiadalarda oʻtkaziladigan koʻplab musobaqalar ilgari boʻlmagan. Bular — velosiped sporti, yaxta va kanoeda poyga, futbol, basketbol, dzyudo, miltiq otish va suv polosi. Zamonaviy olimpiadalardagi eng mashhur sport turlaridan biri bu — marafon. Bu qirq ikki kilometrlik masofaga mashaqqatli yugurish yuguruvchilar bardoshi uchun eng yuqori sinovdir. Marafon Yunonistonda paydo boʻlganiga qaramay, u qadimgi Olimpiada musobaqalari dasturidan joy olmagan.
Nihoyat, Olimpiada tarixidagi nisbatan soʻnggi yangilik bu — ilk bor 1924-yilda oʻtkazilgan qishki Olimpiada oʻyinlari. Ular yozgilardan alohida, lekin oʻsha yili oʻtkaziladi. Qishki olimpiadalarda changʻi sporti, konkida tez uchish, figurali uchish, muz ustida xokkey, chana sporti, bobsley, biatlon boʻyicha musobaqalar oʻtkaziladi. Sovuq ob-havoni talab qiladigan bunday sport turlarining Yunoniston iliq iqlimida paydo boʻlish imkoni yoʻq edi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.