20.02.2024
Lochin — yirtqich qush; shu sabab oziqlanish uchun boshqa hayvonlarni ovlaydi. U oʻtkir tirnoq, uzun qanotlar va kesuvchi qirrali tumshuqqa ega. Lochinlar oilasiga oʻn besh santimetrli sorokoputdan tortib, oltmish santimetrli shumkargacha boʻlgan turli xil oʻlchamdagi turlar kiradi.
Lochin ovi — yirtqich qushlar, odatda lochin yoki qirgʻiyni qoʻlga oʻrgatib, ular bilan ov qilish sanʼati. Qush oʻljani urib yiqitishi uchun yetarlicha kuchli va chaqqon boʻlishi hamda qoʻlga oʻrgatilishi uchun yetarlicha aqlli boʻlishi kerak. Egasi bilan ovga chiqqan lochin havoda balandga koʻtariladi. Baʼzi lochinlar 300 metrgacha yuqoriga koʻtariladi. Oʻljani payqagan lochin unga tashlanib, tirnoqlari bilan orqasidan tutib oladi. Keyin oʻljasi bilan qoʻnib, boʻynini qayirib oʻldiradi va patini yula boshlaydi. Lochin qoʻliga qoʻnib ovqatni olishi uchun lochinboz bir boʻlak goʻsht bilan uning yoniga borib, oʻziga jalb qilishi kerak.
Lochin ovi qachon paydo boʻlgani hech kimga aniq maʼlum emas, lekin biz bu qadimda boʻlganini bilamiz. Qadimgi yapon yozma manbalariga koʻra, xitoyliklar lochinlarni toʻrt ming yildan koʻproq vaqt oldin qoʻlga oʻrgatgan. Katta ehtimol bilan, Yevropada lochin ovi nasroniylik davrining boshlarida maʼlum boʻlgan. Lochin oviga oid eng buyuk kitoblardan biri XIII asrda Muqaddas Rim imperiyasi imperatori Fridrix II tomonidan yozilgan. U koʻp maʼlumotlarni salib yurishlari bilan Sharqqa borganida toʻplagan. U yerdagi xon va ularning merosxoʻrlari lochin oviga qiziqqan.
XIII asrdan XVII asrgacha boʻlgan toʻrt yuz yil davomida lochin ovi Angliyada juda mashhurlik qozonib, u bilan bogʻliq koʻplab qiziqarli urf-odat va qonunlar mavjud boʻlgan. Masalan, lochin ovida foydalaniladigan qush turi lochinbozning ijtimoiy mavqeyiga bogʻliq boʻlgan. Qirol va imperatorlar burgut yoki shumkardan, shahzoda, graf va gersoglar esa lochin va boshqalardan foydalangan. XVIII asrning boshlarida lochin ovi deyarli yoʻq boʻlib ketgan, ammo hamma joyda sportning bu turi bilan hali ham shugʻullanishda davom etayotgan kishilar bor.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.