20.02.2024
Qadimgi Yunonistonda maʼbud va odamlar haqida koʻplab afsonalar boʻlgan. Yunon afsonalaridagi eng goʻzal ayol Troyalik Yelena edi. Uning onasi oddiy inson Leda, otasi esa xudo Zevs boʻlgan. Yelena shu qadar goʻzal boʻlganki, uni koʻrgan har bir kishi hayratda qolgan. Yelena balogʻatga yetgach, Yunonistonning eng koʻrkam va qudratli hukmdorlari uning qoʻlini soʻray boshlagan. Unga oshiq boʻlganlar juda koʻp boʻlgan va uning oʻgay otasi — Sparta qiroli ularni Yelenaning boʻlajak turmush oʻrtogʻiga sodiq qolishlariga ont ichishga majbur qilgan.
Tanlov barcha sovchilar orasidagi eng boy va qudratli Menelayga tushgan. Keyinchalik u Sparta shohi boʻlib, Yelena bilan baxtli hayot kechirgan. Sevgi maʼbudasi Afrodita Troya qiroli Priamning oʻgʻli Parisni mukofotlashni istagan. U Parisga eng goʻzal ayolni olib berishga vaʼda qilgan. Spartaga suzib kelgan Paris u yerda Yelenani koʻrib, uni sevib qolgan. Paris Menelayni tark etib, u bilan Troyaga qochishga Yelenani koʻndirgan. Gʻazabga mingan Menelay Parisni yoʻq qilib, Yelenani qaytarishga qasam ichgan. Yelenaning oshiqlari bergan vaʼdani eslab, Menelay ulardan Troyaga qarshi urushda yordam soʻragan.
Buyuk yunon shoiri Gomer “Iliada” epik poemasida bu urushning soʻnggi janglari, Yunoniston va Troyaning koʻplab buyuk qahramonlarining oʻlimi haqida hikoya qiladi. Chamasi, Troya urushi Masih tugʻilishidan 1200 yil oldin sodir boʻlgan, ammo u nega boshlanganini hech kim aniq bilmaydi. Goʻzal Yelena haqidagi hikoya shunchaki afsona ham boʻlishi mumkin. Urush paytida Paris oʻldirilgan, Troya esa yakson qilingan. Yelena Menelaydan uni afv etishini oʻtinib soʻragan va podshoh bunga rozi boʻlib, ular Spartaga qaytib kelishgan. Ammo Menelay vafotidan keyin Yelena saroydan Rodos oroliga olib ketilgani haqida afsona ham mavjud.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.