20.02.2024
Avliyo Janna dʼArk fransuzlar tomonidan eng buyuk qahramonlardan biri sifatida izzat qilinadi. U 1412-yilning 6-yanvarida tugʻilgan va 1431-yil 30-mayda gulxanda yoqib yuborilgan. Bu vaqtda u atigi 19 yoshda boʻlgan. Janna kichkina boʻlganida Fransiyaning katta qismi burgundiyaliklar — hokimiyatni qoʻlga kiritish uchun inglizlar bilan birlashgan zodagonlarning kuchli guruhi tomonidan boshqarilgan.
Janna oʻn uch yoshga toʻlganida, oʻzining aytishi boʻyicha avliyo Katerina, Margarita va Arxangel Mixailning ovozlarini eshitishni boshlagan. Uning soʻzlariga koʻra, ovozlar unga taxt vorisi boʻlgan valiahd shahzoda Karl yordamida Fransiyaga tinchlik olib kelishi kerakligini aytgan. Janna Karlni uning qoʻshinlarini gʻalabaga keltirishiga ishontirgan. Janna ilhomlantirgan fransuz jangchilari inglizlarni magʻlub etgan va shahzoda toj kiyib, Karl VII boʻlgan.
Keyinchalik qirol kurashni davom ettirish intilishida unga kerakli yordam koʻrsatmagan va fransuz armiyasi magʻlubiyatga uchray boshlagan, Janna esa burgundiyaliklar tomonidan asirlikka olingan. Sudyalik vazifasini bajargan, burgundiyalik va inglizlarni qoʻllab-quvvatlagan fransuz ruhoniylari uni jodugarlikda ayblagan. Sud jarayonida Janna oʻzini juda jasur tutgan, ammo u aybdor deb topilib, oʻlimga hukm qilingan.
Bu ish boʻyicha 1455-yilda boʻlib oʻtgan yangi sud u adolatsiz qatl etilgan deb qaror qilgan. 1920-yilda katolik cherkovi Jannani avliyo deb eʼlon qildi va 30-mayda uning vafot etgan kunini nishonlaydi. Janna dʼArk hikoyasi eng ilhomlantiruvchi voqealardan biri boʻlib, u haqida koʻplab kitob va balladalar yozilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.