20.02.2024
Operetta — sodda va ravon uslubdagi musiqiy teatr shakli. Bu musiqa bilan birlashtirilgan sentimental dramadir. Operettadagi sahna odatda haqiqatnamo olam yoki rang-barang sahna manzaralari va kostyumlar yordamida yaratilgan ekzotik joydir. Asosiy qahramonlarning aksariyati shahzoda va malikalar, zobit kiyimidagi erkaklar va bashang liboslardagi xonimlardir. Operetta mazmuniga kelsak, bu deyarli har doim yaxshi odamlar gʻalaba qozonadigan, yovuzlar jazolanadigan va oxir-oqibat oshiqlar birga boʻladigan, sevgi-muhabbatni tarannum etuvchi hissiyotlarga boy hikoyadir.
Operetta XIX asrning oxiriga kelib nemis tilida soʻzlashadigan mamlakatlarda paydo boʻlgan. Frans fon Zuppe musiqiy teatrning bu koʻrinishini yaratgan kishidir. U alohida ahamiyatni komediyaga emas, balki romantika va hissiyotga qaratgan. U musiqiy partitura¹da valsga muhim rol bergan birinchi bastakorlardan biri boʻlgan va shundan soʻng operettalarning aksariyatiga katta vals sahnalari qoʻshila boshlangan. Iogann Shtraus bir nechta eng mashhur operettalarni bastalab, janrning asosiy xususiyatlarini yaratgan. Uning “Koʻrshapalak” operettasi, ehtimol, hozirgacha yozilgan eng mashhur operettalardan biri boʻlsa kerak. U hali ham dunyoning koʻplab sahnalarida qaytadan sahnalashtirilmoqda.
Hozirgacha yozilgan ikkinchi mashhur operetta, ehtimol, Frans Legarning “Quvnoq beva” asaridir. Qoʻshma Shtatlarda operettalar XIX asrning oxirida mashhurlik qozonib, tez orada juda mashhur operettalarni bastalagan koʻplab amerikalik bastakorlar paydo boʻlgan. Ular orasida “Oʻyinchoqlar mamlakatidagi bolalar” va “Injiq Marietta”ni bastalagan Viktor Gerbert hamda “Rozmari” va “Darbadar qiroli” muallifi boʻlgan Rudolf Friml bor edi. Aftidan, Amerikaning buyuk operettalarini bastalagan soʻnggi bastakor “Choʻl qoʻshigʻi” va “Hilol” kabi mashhur operettalar muallifi Zigmunt Romberg boʻlsa kerak. Operetta millionlab odamlarga katta zavq bagʻishlaydigan oʻyin-kulgining bir turi edi.
¹Partitura — orkestr, ansambl va shu kabilar uchun moʻljallangan koʻp ovozli musiqa asarining har bir ovoz yoki cholgʻu partiyasi koʻrsatilgan nota yozuvi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.