Jaz nima?

Jaz — ommabop musiqa turining nomi. Dastlab amerikalik negrlarning musiqasi boʻlgan, lekin dunyoning koʻplab hududlari musiqalarining bir nechta turini oʻzida birlashtirib rivojlangan. Jazning asosiy xususiyatlaridan biri uning ritmidir. Jaz ohangi oʻzida Afrika va Yevropa musiqasi elementlarini birlashtirsa-da, uning uygʻunligi asosan Yevropadan kelib chiqadi. Jazning yana bir oʻziga xos xususiyati — improvizatsiya. Bu biror-bir ohangni musiqachining oʻsha vaqtdagi kayfiyati taʼsirida ekspromt¹ tarzda yaralishini anglatadi. Jazning aksariyati shu tarzda ijro etiladi. Musiqa ijro mobaynida yaratiladi. Jaz uzoq yillar davomida oʻzgardi va rivojlandi, ammo oʻzining asosiy xususiyatlarini saqlab qoldi.

Jazning rivojlanishiga hissa qoʻshgan musiqa janrlaridan biri blyuz edi. Jaz musiqasining uchdan bir qismi blyuz shaklidadir. Mashhur “rok-n-roll” asarlarining yarmidan koʻpi ham blyuz ohanglaridan iborat. Hatto “kantri” va “vestern” uslubidagi Amerika musiqasining bir qismi ham blyuz shaklida bastalangan. Jazning rivojlanishiga asosiy hissani Yangi Orlean musiqachilari qoʻshgan. Baʼzan diksilend deb ataladigan Yangi Orlean jazi oʻzida blyuz va qora tanlilar diniy qoʻshigʻining chuqur hissiyoti, shuningdek, regtaym va Yevropa folklor musiqasi elementlarini uygʻunlashtiradi. Keyinchalik big-bend jazi yoki sving uslubidagi musiqa paydo boʻldi.

XX asrning 40–50-yillarida zamonaviy jaz deb ataladigan yoʻnalish paydo boʻldi. Bu zamonaviy yoʻnalish dastlabki jaz uslublariga qaraganda ancha uygʻun va ohangdor edi. Ammo uning eng ajoyib xususiyati ritmga boʻlgan yangi yondashuv edi. Kuyni yaratishda ijrochilar yangi ritmlardan foydalangan, urib chalinadigan musiqa asboblari bilan yanada murakkab uslublar ijro etilgan.

Jaz rivojlanishidagi yana bir katta qadam 60-yillarning “yangi yoʻnalishi” edi. Bu jazning erkin shakli boʻlib, butun ijrochilar guruhi ijro paytida asarning tempi va tezligini oldindan rejalashtirmagan holda bir necha marta oʻzgartirishi mumkin edi. Bu bilan musiqa betartib boʻlib qolmaydi, shunchaki erkin ruh va uslubga ega boʻladi. Koʻrib turganingizdek, jazz doimo oʻzgarib turadigan, lekin oʻzining asosiy xususiyatlarini saqlab qoladigan musiqa uslubidir.


¹Ekspromt — badiha (oldindan tayyorgarlik koʻrmasdan, birdaniga yozilgan asar, soʻzlangan nutq va sh.k.lar).

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!