20.02.2024
Tarixda oʻzi yashagan davrda dunyo va zamonga Napoleon Bonapart kabi chuqur taʼsir koʻrsatgan kishilar atigi bir nechtadir. U 1769-yilning 15-avgustida Korsika orolidagi Ayachchoda dunyoga kelgan. U bolaligidanoq oʻzini oʻqigan qadimgi tarix kitoblaridagi buyuk qahramonlari bilan tenglashtirgan. U Parijdagi harbiy akademiyani oʻn olti yoshida bitirgan. Yigirma toʻrt yoshida Tulon shahrini bosqinchi inglizlardan ozod qilgani uchun Bonapartga brigada generali unvoni berilgan. Keyinchalik uning qoʻshinlari Avstriya ustidan va Misrdagi urushda gʻalaba qozongan. Napoleon Fransiyaning birinchi konsuli, hukmdori boʻlgan. U mamlakat boshqaruvi tizimini butunlay isloh qilgan.
1804-yilda Napoleon Fransiya imperatori deb eʼlon qilingan. Napoleon hukmronlik qilgan oʻn yillik davrda Fransiya imperiyasi deyarli uzluksiz ravishda urush olib borgan. Gʻalabalari unga Yevropada Ispaniyadan tortib Rossiya chegaralarigacha boʻlgan hududda hukmronlik qilishini taʼminlagan. 1812-yilda u 600 000 dan ortiq qoʻshin bilan Rossiyaga bostirib kirishga qaror qilgan. U hatto Moskvani egallab olgan boʻlsa ham, uning armiyasi yetarli taʼminotga ega boʻlmagani uchun uyga qaytishga majbur boʻlgan. Uyga qaytish safarida atigi 100 000 ga yaqin odam omon qolgan.
Bir nechta magʻlubiyatlardan soʻng taxtdan voz kechgan Napoleon Elba oroliga surgun qilingan. Soʻngra u Elbani tark etib, yangi qoʻshin toʻplagan, ammo 1815-yilda Vaterloo yaqinida Vellington va Blyuxer boshchiligidagi armiya tomonidan magʻlub etilgan. Britaniyaliklarga taslim boʻlgan Napoleonni mahbus sifatida kamhosil Avliyo Yelena oroliga surgun qilishgan va u yerda 1821-yil 5-mayda vafot etgan. Napoleonning Fransiyani yangi buyuklik va qudratga boshlagani bilan bir qatorda, u katta azob-uqubatlarga sabab boʻlgani va butun boshli xalqlarning hayotini yakson qilganini ham aytib oʻtish kerak.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.