20.02.2024
XIX asrning boshlarida Napoleonning Yevropaga taʼsiri katta boʻlgan. Deyarli bir vaqtda Simon Bolivar ismli kishi Janubiy Amerikada katta nufuz orttirgan. Janubiy Amerikaning katta qismi taxminan uch yuz yil davomida Ispaniya hukmronligi ostida boʻlgan. Simon Bolivar oʻz vatani Venesuelani Ispaniyadan ozod qilishga ont ichgan, ammo 1830-yilga kelib vafot etganida, nafaqat Venesuela, balki Ekvador, Boliviya, Peru va Kolumbiya ham mustaqillikka erishgan. Yosh Bolivar aristokratlar kabi Yevropada taʼlim olgan va sayohat qilgan, Fransiya va Amerikadagi inqiloblar uni juda toʻlqinlantirgan. 1811-yilda u bir guruh vatanparvarlar bilan inqilob uyushtirib, Venesuelani mustaqil deb eʼlon qilgan. Ammo ular ispan qoʻshinlari tomonidan tor-mor qilingach, Bolivar mamlakatni tark etgan.
1819-yilda u oʻz qoʻshini bilan qorga burkangan And togʻlaridan oʻtib va bu bilan ispanlarni hayratda qoldirib, Kolumbiyaga mustaqillik olib kelgan. Ikki yil oʻtgach, Bolivar Venesuelani, yana bir yildan soʻng Ekvadorni ham ozod qilgan. Venesuela, Kolumbiya va Ekvador Buyuk Kolumbiya respublikasiga birlashib, unga Bolivar prezident boʻlgan. Keyinchalik u Peruning ozod qilinishiga ham koʻmak bergan. Peruning yuqori qismi nomi oʻzining xaloskori sharafiga Boliviya deb oʻzgartirilgan.
Garchi Bolivarning ideallari erkinlik va adolat boʻlsa ham, aslida diktatorlik hokimiyatini olib borgan. U konstitutsiyaviy hukumat va koʻplab maktablar tashkil etilishini, qullarning ozod qilinishini maʼqullagan. Keyinchalik har bir mamlakat mustaqil boʻlishni istagach, Buyuk Kolumbiya respublikasi parchalanib ketgan. Bolivarning dushmanlari uni zolimlikda ayblagan va natijada prezident Bolivar isteʼfoga chiqqan. U 1830-yilda qirq yetti yoshida koʻplab dushman orttirgan kishi sifatida vafot etgan, ammo Janubiy Amerika xalqlari hali ham uni xaloskor inson deb hisoblaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.