20.02.2024
Jon Kalvin XVI asrda Yevropani qamrab olib, xristian olamini katolik va protestantlarga ajratgan Diniy harakat islohoti rahbari boʻlgan. 1509-yilning 10-iyulida Fransiyada dunyoga kelgan Kalvin lotin, falsafa va mantiqni oʻrganganidan soʻng, yangi protestant eʼtiqodiga oʻtgan. Diniy eʼtiqodi tufayli Fransiyani tark etishga majbur boʻlgan Kalvin 1536-yilda Shveysariyaning Jeneva shahriga koʻchib oʻtgan va qisqa bir muddatni hisobga olmaganda, butun umrini oʻsha yerda oʻtkazgan. Uning kuchli rahbarligi ostida Jeneva protestantizm markaziga aylangan. Cherkov shahar qonunlarini chiqarib, kundalik hayotning barcha jabhalarini tartibga solgan.
Qonunlar juda qattiq boʻlgan. Jeneva aholisi tejamkor, mehnatsevar va jiddiy boʻlishi talab qilingan. Madhiyalardan tashqari barcha raqs va qoʻshiqlar taqiqlangan. Kalvinizm berahm din boʻlgan va itoatsizlarni qattiq jazo kutgan. Kalvinning fikriga koʻra, inson gunohkor va faqatgina Xudoning inoyati orqali najot topishi mumkin edi. Ammo Xudo tanlagan bir necha kishigina (Kalvin ularni tanlanganlar deb atagan) bu inoyatni olishi mumkin va Xudo avvaldanoq tanlanganlar orasida kimlar boʻlishini hal qilgan. Bu Kalvinning qismat haqidagi taʼlimoti edi.
Kalvin 1564-yil 27-mayda olamdan oʻtgan. Ammo bu vaqtga kelib uning gʻoyalari Jenevadan Gʻarbiy Yevropaning katta qismiga tarqalib ulgurgan. XVII asrda Amerikaga otlangan ingliz puritanlari¹ kalvinistlar edi. Bugungi kunda presviterianlar va boshqa isloh qilinayotgan cherkovlar oʻz diniy eʼtiqodlarini Jon Kalvin taʼlimotiga asosan quryapti.
[1] Puritan — XVI–XVII asrlarda ingliz va shotland burjuaziyasi uyushtirgan diniy-siyosiy harakat qatnashchisi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.