20.02.2024
Deyarli har bir kishi bu odamning ismini eshitgan, ammo kam sonli odam u haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlsa kerak. Yelizaveta I davrida juda koʻp buyuk odamlar boʻlgan, ammo eng yetuk isteʼdodga ega kishi Reley bo‘lgan boʻlishi mumkin. U askar, dengiz sayyohi, saroy amaldori, shoir, mustamlakachi, tarixchi va olim boʻlgan. Taxminan 1554-yilda Angliyaning Devonshirida dunyoga kelgan Reley oʻspirinlik davridan Fransiyada, keyinchalik esa Irlandiyada jang qilgan. U qirolicha Yelizaveta Tyudorning marhamatiga uchrab, ritsar unvoniga sazovor boʻlgan va hukumatda turli lavozimlarni egallagan. Keyinchalik Reley qirolichadan olingan pullarni ishlatishning qiziq yoʻlini topgan. Reley bu mablagʻdan Amerikada manzilgohlar tashkil etish uchun foydalangan.
1585-yilda Reley Shimoliy Karolina sohili yaqinidagi Rounok orolida joylashgan birinchi koloniyaga bir yil muddatga yuzga yaqin kishidan iborat guruhni joʻnatgan. Bu yangi dunyodagi hayotni sinab koʻrishi lozim boʻlgan birinchi ingliz koloniyasi edi. Keyinchalik tashkil etilgan koloniyalar ushbu manzilgohdan tarqalgan. Hindular, Amerika geografiyasi, oʻsimlik va hayvonlar hayoti haqidagi birinchi tushunchalarning aksariyati Releyning saʼy-harakatlari tufayli paydo boʻlgan. 1587-yilda u ikkinchi ekspeditsiyani ham yuborgan, ammo barcha koʻchmanchilar oʻrmonlarda yoʻqolib ketgan. Reley oʻz davrining koʻplab buyuk shoir va yozuvchilari bilan tanish boʻlgan, oʻzi ham zamonasining yetakchi shoirlaridan biri edi.
1595-yilda u oltin topish umidida Janubiy Amerikadagi Gvianaga birinchi safarini amalga oshirgan. Qirol Jeyms I taxtga oʻtirgach, u Releyni oʻziga qarshi fitnada ayblab, oʻlimga hukm qilgan. Hukmni ijro etish kechiktirilgan boʻlsa-da, u umrining koʻp qismini Londondagi Tauerda oʻtkazgan. Reley u yerda buyuk “Dunyo tarixi” kitobini yozgan va kimyoviy tajribalar oʻtkazgan.
1616-yilda qamoqdan ozod qilingan Reley yana Gvianaga suzib ketgan. Oltin topolmaganidan soʻng ispanlardan magʻlubiyatga uchrab, Angliyaga qaytib kelgan va 1618-yilda qatl etilgan. Reley Yangi Dunyodan Irlandiyaga kartoshkani olib kelgan, shuningdek, Yevropada tamaki chekishni urf qilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.