20.02.2024
Hozirgi vaqtda tibbiyotdagi koʻp amallarni oddiy narsalar sifatida qabul qilamiz. Film yoki telekoʻrsatuvni tomosha qilayotganimizda operatsiya qilmoqchi boʻlgan shifokorni koʻrsak, u qoʻllarini yuvib, yuziga niqob taqishini kutamiz. Jarrohlikda mikroblardan xalos boʻlish (boshqacha qilib aytganda, antiseptikdan foydalanish) fikri Jozef Lister tomonidan ishlab chiqilgan. U 1827-yilda dunyoga kelib, 1912-yilda vafot etgan ingliz shifokori edi.
1861-yilda Lister Glazgo shahridagi eng yirik kasalxona jarrohiga aylangan. Lister faoliyati davomida baxtsiz hodisalar qurboni boʻlgan koʻplab bemorlarni davolagan. Ularning yaralariga tez-tez infeksiya tushib, yara atrofidagi joy shishib, yalligʻlanib, yiring shakllangan. Lister bunday infeksiyaning oldini olishga qiziqa boshlagan. Dastlab yarani tozalashga boʻlgan urinishlari yordam bermagan.
1864-yilda u fransuz olimi Lui Pasterning tajribalari bilan tanishib chiqqan. Paster tajribalari yordamida mikroblar sutning achishi va goʻshtning chirishiga sababchi boʻlishini koʻrsatib bergan edi. Mayda mikroblar havo orqali sut yoki goʻshtga tushib joylashadi. Lister yaralardagi infeksiya ham havodagi bu mikroblar tufayli kelib chiqishini taxmin etgan. Lister yaraga karbol kislotali bogʻich qoʻyib, zararli mikroblarni yoʻq qilishga harakat qilgan. U infeksiyani kamaytirishga muvaffaq boʻlib, uning mikrobdan kelib chiqishi haqidagi nazariyasi toʻgʻri ekaniga ishonch hosil qilgan.
Lister 1867-yilda jiddiy tibbiy jurnal uchun maqola yozgan va unda infeksiya haqidagi nazariyasining mohiyatini ochib, uning oldini olish usulini tasvirlab bergan. Dastlab Lister nazariyasi hamma tomonidan qabul qilinmagan. Ammo keyingi 25 yil ichida barcha jarrohlar yaralarni davolashda va operatsiyalar paytida antiseptiklardan foydalanishni boshlagan. Bugungi kunda dunyoda ilk bor Jozef Lister tomonidan ilgari surilgan gʻoyalarni qoʻllamaydigan biror-bir shifokor yoki kasalxona mavjud emas.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.