20.02.2024
Uzoq vaqt davomida (ayrim diniy guruhlar hali ham shu fikrda) odamlar hayotning har bir shakli Yer yuzida alohida holda paydo boʻlgan, hech qachon hech narsa oʻzgarmagan, shuningdek, ular Yerning yoshi 4 000 yil atrofida deb hisoblagan. Olimlarning fikriga koʻra, ular bu mulohazalarning notoʻgʻriligini koʻrsatib berishgan. Hayot shakllari oʻzining uzoq tarixi davomida koʻplab oʻzgarishlarga duch kelgan. Bu oʻzgarishlar juda sekin davom etgan va ularning barchasini bitta atama — evolyutsiya bilan umumlashtirish mumkin. Evolyutsiya sodir boʻlgan koʻplab oʻzgarishlarni tavsiflab, ularni izohlovchi nazariyadir. Zamonaviy evolyutsiya nazariyasiga asos solgan odam Charlz Darvin edi.
Darvinga koʻra, hayotdagi hamma narsa rivojlanadi va bir turga mansub avlodlar ota-onasidan farq qilishi mumkin. Bu gʻoyalar yangi yoki gʻayrioddiy emas edi. Ammo Darvin evolyutsiya aynan qanday kechishini taxmin qilib, tabiiy tanlanish tushunchasini kiritdi. Uning soʻzlariga koʻra, tabiat “yashash uchun kurashda” omon qolishga eng moslashuvchan organizmlarni “tanlaydi”. Har bir organizm boshqa organizmlardan biroz farq qiladi va oʻziga xos xususiyatlarga ega. Boshqalardan farqli oʻlaroq, ayrimlari ularni omon qolishga qodir qiladigan xususiyatlarga ega. Shuning uchun ular uzoqroq umr koʻrib, koʻproq nasl qoldiradi.
Shunday tarzda, “maʼqul” xususiyatlar koʻproq avlodlarga oʻtadi. Asta-sekin hayot shakllari ajdodlaridan farq qila boshlagan va biologlar ularni mustaqil, har xil turlarga ajratgan. Darvin buni yangi turlar paydo boʻlishining natijasi deb hisoblagan. Uning nazariyasi hali ham evolyutsiya haqidagi zamonaviy tushunchalarning asosini tashkil etadi.
Keyinchalik biologlar genlar deb ataladigan ayrim mayda kimyoviy zarralar avloddan-avlodga oʻtadigan xususiyatlarni belgilab berishini aniqladi. Genlar vaqti-vaqti bilan oʻzgaradi yoki boshqacha qilib aytganda, mutatsiyaga uchraydi. Genlar oʻzgarishiga xususiyatlarning oʻzgarishi sababchi boʻladi va bu oʻzgarishlar omon qolishga yordam bersa, ular keyingi avlodlarga oʻtishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.