20.02.2024
Yer yuzidagi turli “issiq” yoki “sovuq” joylar haqida gapirganimizda, biz iqlimni nazarda tutamiz. Umuman olganda, iqlim Quyoshdan keladigan issiqlik miqdori bilan belgilanadi. Aynan Quyosh issiqligi yer, okean va atmosferani isitadi. Shuningdek, u atmosferaga namlikni tortib olib, yomgʻir yogʻdiradi. Quyosh issiqligi shamollarni paydo qiladigan atmosfera bosimidagi farqni keltirib chiqaradi, quyosh issiqligi va shamoli esa okean oqimlarini yuzaga keltiradi. Shuning uchun maʼlum bir joydagi iqlimni muhokama qilishda, quyosh issiqligining bu hududga taʼsirini ham eʼtiborga olish kerak. Yer yuzasi yumaloq boʻlgani sababli quyosh eng yuqori issiqlik effekti ekvatorda, eng kami esa qutblarda kuzatiladi.
Ekvatorda quyosh nuri yerga vertikal ravishda tushadi. Ekvatordan yuqori va pastki hududlarda nur yerga burchak ostida qiya tushadi. Bu esa ushbu hududlar, moʻtadil mintaqalar ekvator yoki tropik hududga qaraganda kamroq quyosh nurini qabul qilishini anglatadi. Ekvatordan eng uzoqda joylashgan hududlarga eng kam issiqlik yetib boradi. Yerga burchak ostida tushayotgan nur atmosferaning qalinroq qatlamidan oʻtgani sababli issiqlikning bir qismi havo tomonidan soʻriladi va bu boshqa hududlar kamroq issiqlik olishining yana bir sababidir. Bu sabablarning barchasi ekvatorni Yerdagi eng issiq hududga aylantiradi.
Toʻgʻri, bu yerda soʻz “quyosh iqlimi” deb ataladigan tushuncha, yaʼni faqat quyosh issiqligiga bogʻliq boʻlgan iqlim haqida ketyapti. Ammo Yerda mavjud boʻlgan “jismoniy iqlim” deb ataladigan narsani belgilab beradigan boshqa koʻplab omillar mavjud. Bu omillarning eng muhimi suv, yer va dengiz sathiga nisbatan balandlik. Okean suvi va oqimi, katta quruqlik maydonlarining mavjudligi, joyning dengiz sathidan balandligi — bularning barchasi birgalikda Yer yuzidagi joyidan qatʼi nazar turli xil iqlim sharoitlarini yaratadi. Shuning uchun garchi ekvatorial hudud Yerdagi eng issiq joy boʻlsa ham, maʼlum bir vaqtda ekvatordan uzoqroq joy ekvatorga nisbatan issiqroq boʻlishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.