20.02.2024
Yer yuzasiga qancha yomgʻir yoki qor tushishi koʻp omillarga bogʻliq. Bu harorat, dengiz sathidan balandlik, togʻ tizmalarining joylashuvi va boshqalar. Aftidan, dunyodagi eng seryomgʻir joy Gavayining Kauai orolidagi Vayaleale togʻi boʻlsa kerak. Bu yerdagi oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 1197 sm ni tashkil qiladi. Oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 1079 dan 1143 sm gacha boʻlgan Hindistonning Cherrapunji hududi esa ikkinchi oʻrinda boʻlsa kerak.
Bir safar Cherrapunjida 5 kun ichidagi yomgʻir miqdori 381 sm ni tashkil etgan. 1861-yilda esa yogʻin miqdori 2300 sm ga yetgan. Tushunarli boʻlishi uchun dunyoning baʼzi shaharlaridagi yogʻin miqdorini taqqoslaylik, Londonda yiliga 61 sm, Edinburgda taxminan 68 sm va Kardiffda oʻrtacha 76 sm yogʻin tushadi. Kanadadagi Ottavada esa bu miqdor 86 sm, Madridda taxminan 43 sm va Parijda 55 sm atrofida boʻladi. Bu tenglashtirish orqali Cherrapunji bilan mazkur shaharlar oʻrtasidagi farqni koʻrish mumkin.
Dunyodagi eng qurgʻoqchil joy, ehtimol, Chilidagi Arika boʻlsa kerak. Bu yerdagi yillik yogʻin miqdori atigi 0,05 sm. Qoʻshma Shtatlardagi eng qurgʻoqchil joy esa Oʻlim vodiysidagi Grinlend ranchosi. U yerdagi oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 3,75 sm dan kam. Yerning baʼzi keng hududlarida kuchli yomgʻir yil davomida yogʻadi. Masalan, ekvator boʻylab deyarli har bir nuqtaga har yili 152 sm va undan koʻp yogʻin tushadi. Ekvator ikkita katta havo oqimining birlashish nuqtasidir. Ekvator boʻylab hamma joyda shimoldan pastga qarab harakatlanadigan havo janubdan yuqoriga qarab harakatlanadigan havo bilan uchrashadi.
Suv bugʻi bilan toʻyingan issiq havoning yuqoriga yoʻnaladigan asosiy harakati mavjud. Havo sovuqroq haroratli balandlikka koʻtarilganda, suv bugʻining katta qismi kondensatsiyalanadi va yomgʻir boʻlib pastga qaytib tushadi. Yomgʻirning katta qismi togʻlarning shamolga roʻbaroʻ tomoniga, shamoldan panada boʻlgan boshqa tomoniga esa ancha kam yogʻingarchilik tushadi. Bunga Kaliforniyadagi Kaskad togʻlari misol boʻla oladi. Suv bugʻiga toʻyingan gʻarbiy shamollar Tinch okeanidan keladi. Sohilga yetib kelgan havo togʻlarning gʻarbiy yon bagʻirlari boʻylab yuqoriga koʻtarilib, soviydi. Bu sovush yerga yomgʻir yoki qor shaklida tushadigan suv bugʻi kondensatsiyasini keltirib chiqaradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.