20.02.2024
Mamlakatimizda pomidorni sabzavot deb hisoblashga odatlanganimiz uchun, albatta, bu unchalik muhim emas. Ammo ajablanarli tomoni shundaki, AQSHda pomidor nima ekanini Oliy Sudi hal qilishiga toʻgʻri kelgan. Botanika nuqtayi nazaridan pomidor meva va bunga hech qanday shubha yoʻq. Ammo u shoʻrva, sous, ketchup hamda birinchi va ikkinchi taomning boshqa koʻrinishlaridagi masalligʻi sifatida isteʼmol qilinadi. Shuning uchun savdo xususiyatlariga asoslanib, Oliy Sud 1893-yilda pomidorni sabzavot deb tasniflagan.
Yovvoyi pomidor Janubiy Amerikada — Peru, Ekvador va Boliviyada oʻsgan. Kolumb Yangi dunyoni kashf etishidan ancha oldin pomidorning madaniy turlari Meksikada ham yetishtirilgan. Chamasi, Yevropadagi odamlar ilk bor Meksikadan keltirilgan pomidorni koʻrgan. Yevropada pomidorning birinchi taʼrifi 1555-yilda Italiyada keltirilgan, uni “pomidoro” — “oltin olma” deb atashgan. Bu esa Yevropada dastlab pomidorning sariq turi boʻlganini anglatadi.
XVI asr oxirida kelib, pomidor Angliya, Ispaniya, Italiya, Fransiya va Markaziy Yevropa bogʻlarida yetishtirila boshlagan. Lekin uni hanuz ekzotik mahsulot deb hisoblashgan. 1700-yillarning oʻrtalariga kelib, Yevropaning bir qancha mamlakatlarida odamlar pomidorni taomga masalliq sifatida ishlatishni boshlagan, Qoʻshma Shtatlarda esa pomidorni birinchi boʻlib 1781-yilda Tomas Jefferson yetishtirgan. Ammo koʻpchilik pomidorni zaharli deb hisoblagan. Faqat 1900-yilga kelibgina u taom tayyorlashda keng ishlatila boshlangan.
Pomidor kartoshka va tamakining turkumdoshidir. U uzoq oʻsish davriga ega boʻlib, toʻyingan va yaxshi quritilgan tuproqni talab qiladi. Shimoliy Yevropa va Qoʻshma Shtatlarning shimolida u qishda koʻpincha issiqxonalarda yetishtiriladi. Qishki pomidorlar hali qizarmasidan uzib olinib, shimoliy bozorlarga joʻnatiladi va ular yoʻl-yoʻlakay pishib yetiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.