Kvakerlar kim?
Kvakerlar kim? Kvakerlar haqida ma'lumot. Kvakerlik asoschisi kim?
2 min
Tarix

1650-yilda Angliyada diniy eʼtiqodi uchun Georg Foks ismli kishi sud qilingan. U sudyalariga qarata: “Rabbim” nomini eshitganda titrang!” degan. Bu soʻzlari uchun sudyalardan biri unga “titrovchi” maʼnosini anglatadigan “kvaker” laqabini bergan. Oʻshandan beri Foks va diniy marosimlar paytida baʼzan titraydigan uning izdoshlarini “kvakerlar” deb atay boshlashdi va bu laqab juda mashhur boʻldi. Ularni tashkilotining rasmiy nomi esa “Doʻstlar jamiyati”.

Kvakerlik asoschisi Georg Foks taʼlimotida odamlar oʻz harakatlarini ichki nurga tayanib amalga oshirishi kerakligini oʻrgatgan. Muqaddas ruh har bir inson ichida yashaydi. Kvakerlar hatto sudda ham qasamyod qilishdan bosh tortgan. Shuningdek, ular hech qachon biror kishiga qarshi jismoniy kuch ishlatmasliklarini yoki harbiy toʻqnashuvlarda qatnashmasliklarini eʼlon qilishgan. Ular boshqa xristianlardan uzoqlashib, maxsus urf-odat, kiyim-kechak va nutqni rivojlantirishgan. Ular bir xil tusdagi kulrang kostyum kiyib, oʻyin-kulgini inkor etishadi, suhbatda esa eski nutq shakllaridan foydalanishadi.

“Doʻstlar jamiyati”ning zamonaviy aʼzolari eski kvakerlik anʼanalarining aksariyatidan voz kechgan. Ammo ularning uchrashuvlari hali ham asosan anʼanaviy qoidalarga muvofiq oʻtkaziladi. Bu uchrashuvlarning oldindan tayyorlangan dasturi mavjud emas. Jamiyat aʼzolari yig‘ilib, Ichki Ruh ulardan biriga kelgach, u kishi joyidan turib ibodat qilishiga yoki Injilni oʻqishni boshlashiga qadar jim oʻtiradi. Ular ruhoniy va cherkov marosimlarini tan olmaydi. Barcha uchrashuvlarda keksalar va yoshlar, erkaklar va ayollar — hamma teng huquqlarga ega.

Kvakerlar koʻplab maktablarni tashkil qilib, ularni mablagʻ bilan taʼminlaydi va har doim xayriya ishlarida faol boʻlgan. Ular birinchilardan boʻlib kambagʻallar uchun bepul maktablar tashkil etishgan. 1688-yildan boshlab ular har doim qullikka qarshi chiqishgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!