Lo‘lilar qaysi tilda gaplashadi?

Nega ayrim odamlar loʻli deb atalishini bilasizmi? Koʻp yillar oldin Yevropa aholisi dastlab ularni Misrdan kelgan va “loʻli” soʻzi “Misr” soʻzidan kelib chiqqan deb oʻylashgan. Taxminlarga koʻra, chamasi ming yil oldin Hindistonning shimoli-gʻarbiy qismidagi bir nechta qabila boshqa mamlakatlarga koʻchib ketgan va ular haqiqiy loʻli boʻlgan. Bu qabilalarning bir nechtasi Forsga yetib kelgan, qolganlari hozirgi Turkiya joylashgan yerlarda kezib yurgan va faqat baʼzilari Suriya, Misr va Shimoliy Afrikaga ketgan. Ular haqiqatan ham Hindistondan kelgani sababli sanskrit tiliga mansub hind tilida soʻzlashgan.

Lo‘lilarning keyingi qabilalari Bolqon, Rossiya, Vengriya boʻylab koʻchib yurib, oxir-oqibat Gʻarbiy Yevropaga, shu jumladan, Germaniya, Fransiya, Angliya, Ispaniya va hatto Shvetsiya va Finlyandiyaga yetib kelgan. Koʻp asrlik sayohatlar davomida loʻlilar tili oʻzlari yashagan mamlakatlar tilidan olingan soʻzlar bilan aralashib ketgan. Ingliz loʻlilari lo‘licha va inglizcha soʻzlarning aralashmasidan iborat buzilgan tilda gaplashadi.

Ingliz tilida loʻlilar tili “romani” deb nomlanadi.  Ularning safarlar uchun moslashtirilgan koʻchma uyi esa xuddi shu tilda “vardo” deb ataladi. Loʻlilar koʻchib yurish imkonini beradigan kasblar bilan shugʻullangan. Ayrim loʻlilar oʻymakor usta boʻlgan, boshqalari qozonlarni yamagan, baʼzilari esa shoir va qoʻshiqchi yoki folbinlik qilgan.

Loʻlilarning ayrim mamlakatlarda turli yoʻnalishlarda qanday rivojlanganini bilish qiziqarli. Angliya loʻlilari ot savdosi bilan shugʻullangan, Uels loʻlilari esa hofiz, skripkachi va arfachi boʻlgan. Ispaniyalik loʻlilar ajoyib flamenko raqqoslari sifatida tanilgan. Vengriya va Ruminiyadagi loʻlilarning aksariyati musiqachidir. Yugoslaviyada esa loʻlilarning koʻpshiligi porox ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!