20.02.2024
Inson dunyodagi barcha odamlarga aloqa vositasi sifatida xizmat qiladigan universal tilni yaratishga uzoq vaqt davomida harakat qilgan. XVII asrdan boshlab 700 dan ortiq bunday turli tillar yaratilgan. Ularni ikki turga boʻlish mumkin. Birinchi tur mavjud tillarning hech biri bilan bogʻliq emas. Ikkinchi turdagilar esa mavjud tillar aralashmasidan foydalanadi. Sun’iy tillarning eng mashhuri — esperanto. U Polshaning Belostok shahrida yashovchi Lyudvig Zamengof tomonidan ixtiro qilingan.
U yoshligida Polshada yashagan toʻrt millat — rus, polyak, nemis va yahudiylar oʻrtasida kuchli ziddiyat va adovat borligini koʻrgan. Zamengof umumiy til odamlarga bir-birini yaxshiroq tushunishga yordam berishini his qilgan. U maktabda oʻqib yurgan davrdayoq oʻzining xalqaro tili ustida ish boshlagan. 1887-yilda Zamengof yangi tilni tavsiflovchi risolani nashr etib, “doktor Esperanto” (umidvor) taxallusi bilan imzo chekkan.
Tez orada dunyoning turli burchaklaridagi odamlar “esperanto” deb atalgan bu tilga qiziqish bildirgan. Hozirgi paytda butun dunyoda esperanto tilida millionlab odamlar gaplashadi. U hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan. Masalan, xalqaro telegrammani esperanto tilida yuborishingiz mumkin. U koʻpincha rasmiy hukumat stansiyalarining radioeshittirishlarida ham ishlatiladi. Bu tilda grammatik qoidalar juda koʻp boʻlib, ulardan baʼzilarini keltirib oʻtamiz. Aniqlovchi artikl — “la” va u oʻzgarmasdir. Barcha otlar “o”, sifatlar “a”, ravishlar “e”, feʼllarning noaniq shakli esa “i” bilan tugaydi. Ot va sifatlarning koʻplik soni “j” harfi qoʻshilishi bilan hosil qilinadi. Mana, masalan, esperantoda yozilgan “Otche nash” ibodatining boshlanishi: “Patro nia, kiu estas en la cielo, snkta estu via nomo, venu regeco via, esto volo via, kiel en la cielo, tiel ankau sur la tero”.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.