20.02.2024
Soʻnggi ikki-uch milliard yil ichida oʻsimlik va hayvonot dunyosining koʻplab shakllari Yerda yashab, keyin yoʻq boʻlib ketdi. Biz bu haqida qazilma qoldiqlarni oʻrganish orqali bilamiz. Qazilmalarning aksariyati togʻ jinslarida saqlanib qolgan oʻsimlik va hayvon qoldiqlaridir. Ular turli shakllarga ega. Baʼzan bu hayvonlarning chigʻanogʻi, suyaklari, tangachalari yoki boshqa qattiq qismlari boʻlib, lekin koʻpincha qattiq toʻqimalar kimyoviy birikmalarga aylangan boʻladi. Hayvonlarning izlari ham qazilma qoldiq hisoblanadi.
Inson sayyoradagi hayot tarixini oʻrganishni boshlashidan oldin ham qazilma qoldiqlar millionlab yillar davomida mavjud boʻlgan. Shunga qaramay, odamlar oʻz taraqqiyotining erta bosqichida ham qazilma qoldiqlarni topgani isbotlangan. 30 000 yil oldin vafot etgan ayol skeletida toshqotgan dengiz chigʻanoqlaridan yasalgan marjon topilgan. Qadimgi Yunoniston va Rim olimlari togʻlarda dengiz chigʻanoqlari qoldiqlarini topgan. Ular bu chigʻanoqlar bir vaqtlar dengizda yashagan hayvonlarning qoldiqlari ekanini anglagan. Shuning uchun olimlar oʻtgan asrlarda bu togʻlar suv ostida boʻlgan degan xulosaga kelgan.
Olimlar qazilma qoldiqlarni faqat 1700-yillarning oxirlariga kelib jiddiy oʻrganishni boshlagan. Dastlabki olimlardan biri buyuk fransuz tabiatshunosi baron Jorj Kyuvye edi. Kyuvye Parij yaqinidagi daryolar boʻyidagi togʻlarda hozirgi paytda bu hududlarda uchramaydigan fil, gippopotam va boshqa koʻplab hayvonlarning suyaklarini topgan. U bir vaqtlar Parij atrofidagi iqlim juda boshqacha, Hindiston va Afrikaning hozirgi iqlimiga oʻxshash boʻlganini tushungan. Keyinchalik Uilyam Smit ismli ingliz Angliyada qoldiqlarni oʻrganishni boshlagan. U har bir togʻ jinsi turi oʻziga xos qazilma qoldiqlar guruhiga ega ekanini aniqlagan. Yoshi ulugʻroq togʻ jinslarida oddiyroq hayvonlar qoldiqlari ham uchragan.
Shunga asoslanib, u togʻ jinslarning yoshini nisbatan aniqroq topa olgan. Keyinchalik Charlz Darvin qazilma qoldiqlardan tirik hayot shakllarining eski shakllardan va yuqori tabaqadagi shakllarning quyi shakllardan qanday rivojlanganini isbotlash uchun foydalangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.