20.02.2024
Ismingiz oʻzingizga yoqadimi? Sizningcha, u inson sifatida siz haqingizda biror nimani anglatadimi? Oʻzingiz uchun bu ismni tanlagan boʻlarmidingiz? Hozirgi kunda faqat aktyor va aktrisalar oʻzlari uchun mos ismni tanlashi mumkin. Qolganlar esa garchi ismimiz biz haqimizda hech narsani anglatmasa-da, ota-onamiz qoʻygan ismdan foydalanishi kerak. Bolaga ism har doim ota-onalar tomonidan berilgan. Bir vaqtlar bu ular uchun maʼlum bir maʼnoga ega boʻlgan. Bu goʻdakning koʻrinishini tavsiflagan yoki ota-onalarning ayrim his-tuygʻularini ifoda etgan boʻlishi mumkin.
Masalan, Samuel ismi qadimgi yahudiy tilida “tangrini soʻragan” degan maʼnoni anglatadi. Blansh esa fransuzcha “oq”, “toza” degan maʼnoni bildiradi. Shaharlar oʻsib, bir joyda yashaydigan odamlar soni ortib borgach, odamlarni ismiga koʻra farqlash qiyinlashgan. Jon, Uilyam va Devidlar juda koʻpayib ketgan. Jon ismli ikki kishini bilshingizni va kimgadir ularning biri haqida biror nima aytmoqchi ekaningizni tasavvur qiling. Siz: “men Uilyamning oʻgʻli Jon haqida gapiryapman”, deyishingiz mumkin. Shu tarzda, odamlarni bir-biridan ajratish usuli paydo boʻlgan va ularning ismiga otasining ismini qoʻshish boshlangan. Bu Jonni Jon Uilyamson yoki boshqacha shaklda — Jon Uilyams, Jon Uilson, Jon Uils deb atay boshlashgan. Bularning barchasi Jon Uilyamning oʻgʻli ekanini koʻrsatgan!
Irlandiyada “O” old qoʻshimchasi “kimning” degan maʼnoni anglatadi. Irlandiyaliklar “Brayanning oʻgʻli Jon” demoqchi boʻlganida, bu old qoʻshimchadan foydalanib, “Jon OʼBrian” deyishgan. “O” bilan boshlangan barcha irland ismlari oʻgʻilni otasining ismi bilan chaqirish odatidan kelib chiqqan. Shotlandiyaliklar ismlarni hosil qilishning ayni usulidan foydalanib, “oʻgʻil” degan maʼnoni anglatuvchi “Mak” old qoʻshimchasidan foydalangan. “Mak”ning qisqartirilgan “Mk” yoki “M” kabi shakllari ham bor. Shuning uchun Donaldning oʻgʻli Jon “Jon MakDonald” deb nomlanadi.
Familiyalar paydo boʻlishining boshqa koʻplab usullari ham boʻlgan. Baʼzan familiyalar yashash joyiga qarab berilgan. Agar Tomas oʻrmon yaqinida yashagan boʻlsa, u Tomas Vud yoki Tomas Etvud boʻlishi mumkin edi. Baʼzan, masalan, Braun, Longfello yoki Drinkuoter kabi familiyalar laqabdan kelib chiqqan. Agar tanlash imkoniyati boʻlganda, qanday familiya tanlagan bo‘lardingiz?
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.