Yarmarkalar qanday paydo bo‘lgan?

Qadimda koʻpchilik ferma yoki katta yer egalarining mulkida yashagan. Kichik manzilgohlar bir-biridan juda uzoqda joylashgani uchun oʻsha paytda doʻkonlar boʻlmagan. Bundan tashqari, kundalik savdo uchun yetarli mahsulot va odamlar ham boʻlmagan. Ammo odamlar har diniy bayramda yigʻilishgan va savdogarlar ularga oʻz mollarini sotish uchun katta guruhlarga yigʻiladigan vaqtni kutgan. Qadimgi davrlarda yarmarkalar shu tarzda paydo boʻlgan.

“Yarmarka” (“fair”) soʻzi lotincha “feriya”dan kelib chiqqan boʻlib, “bayram kuni” yoki “bayram” degan maʼnoni anglatadi. Misrliklar diniy marosimlarda qabristonlarga yigʻilganda mahsulotlarni xarid qilish va sotish uchun yarmarkalar tashkil qilgan. Yunonlar mashhur bashoratchi yashagan Delfida oʻz maʼbudlari sharafiga yarmarka va bayramlar uyushtirgan. Muhammad paygʻambar davridan ancha oldin minglab odamlar arablarning diniy va savdo markazi boʻlgan Makkaga sayohat qilgan. Bir hafta davom etgan diniy marosim va bayramlardan soʻng ular qimmatbaho zargarlik buyumlari, yogʻ va terilar bilan savdo qilishgan. Savdo bozorlari Hindiston, Xitoy, Fors va Meksikaning aztek¹ xalqlarida ham muhim voqea boʻlgan.

Rim imperiyasida bozorlar yigʻib olingan hosil sharafiga oʻtkazilgan diniy bayramlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. Qishloq aholisi bu bayramlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini olib kelib, ularni kiyim-kechak va boshqa kerakli mahsulotlarga almashtirgan. Qadimda faqat ayrim shaharlar yarmarka oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan. Shaharni boshqargan lordga bu huquq qirol yoki birinchi vazir tomonidan berilgan. Bozorda oʻz mahsulotlarini sotishni istagan savdogarlar ruxsat olish uchun lordga toʻlov qilishlari kerak boʻlgan.

Bozorlarni oʻtkazish uchun maxsus qoida va qonunlar belgilangan. Odamlar aldanib qolmasligi uchun halollik birinchi oʻringa qoʻyilgan. Sivilizatsiyaning erta bosqichida yarmarkalar oʻtkaziladigan joylar muqaddas hisoblangani uchun dushman boʻlgan odamlar bozorda uchrashib qolganda urushni toʻxtatishgan. Yarmarkalar savdo rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Ular Sharq mamlakatlari va Yevropa oʻrtasida savdo-sotiqni amalga oshirish imkonini bergan.


 ¹Atstek — Meksikaga ispan bosqinchilari kelguniga qadar Mexiko shahri vodiysida yashagan xalqlar.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!