Birinchi qal’ani kim qurgan?

Qalʼa qurish gʻoyasi mudofaa bilan bogʻliq boʻlgan. Aslida inglizcha “qalʼa” soʻzi lotincha “qoʻrgʻon” so‘zidan kelib chiqqan. Shuning uchun qalʼa himoya qilinishi kerak boʻlgan hukmdor yoki lordning uyidir. Hatto qadimgi Misrda ham shohning saroylari minora va brustverlar¹ bilan mustahkamlanib, qalʼalarga oʻxshash boʻlgan. Qadimgi Yunonistonda ham sardorlar oʻz saroylarini mustahkamlagan. Ammo biz bilgan koʻrinishdagi qalʼalar oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropada milodiy 1000–1500-yillarda paydo boʻla boshlagan. Bunga feodal tuzum sabab boʻlgan.

Alohida zodagonlar mamlakatning oʻziga tegishli qismi va odamlarni boshqargan. Ular oʻz qudratini mustahkamlash uchun tez-tez qoʻshni yerlarga hujum qilib, ularni egallab olgan. Albatta, bunga javoban ular ham hujumga uchrashi mumkin edi. Shuning uchun ular oʻz uylarini mustahkam qoʻrgʻonlarga aylantirgan va shu tariqa biz qalʼa deb ataydigan inshootlar qurilgan. Yevropaning aksariyat hududlarida rivojlanish sharoitlari bir xil boʻlgani sababli Fransiya, Germaniya, Ispaniya yoki Angliyada qurilgan qalʼalar bir-biriga juda oʻxshashdir.

Dastlabki bunday inshootlardan biri 1078-yilda Vilgelm Istilochi tomonidan qurilgan Londondagi Tauerdir. U bir nechta qavatdan iborat boʻlib, ikki qavatli devorlar, kichik derazalar va minora burchaklarida aylanma zinalarga ega. Minorada lord va uning harbiy garnizoni yashagan. Yana bir qadimiy qalʼa — Gedingem qalʼasi 1130-yilda Esseksda qurilgan. Uning tosh devorlarining qalinligi 6 metr, burchaklari esa undan ham qalinroqdir. Qalʼada ulkan ikki qavatli markaziy zal boʻlgan. Yagona yorugʻlik manbasi devorning yuqori qismidagi bir nechta kichik derazalar edi. Bu mudofaa ehtiyojlari uchun shu tarzda qurilgan.

Keyinchalik qalʼalar u yerda yashovchi aholi uchun koʻproq joy va qulayliklar yaratish maqsadida hovlilar atrofida qurilgan.


 [1] Brustver — xandaq tepasiga uyilgan tuproq, xandaq oldidagi yasama doʻnglik.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!