20.02.2024
Dehqon ekin ekishdan avval yerni shudgor qilishi kerak. Omoch yerni yorib kirib, tuproqni agʻdaradi. Bu ish quroli juda qadimiy ixtiro boʻlib, birinchi omoch kim tomonidan yasalganini hech kim bilmaydi. Topilgan eng qadimgi omoch taxminan 5 000 yil oldin yasalgan. Dastlab omoch vazifasini erkak yoki ayollar dala boʻylab sudrab yuradigan ayri shaklidagi tayoq yoki xoda bajargan. Keyinchalik omochga hayvonlar qoʻshilgan. Asta-sekin tayoqning shakli ish uchun qulayroq shaklga oʻzgartirilgan. Asosiga uchli shakl berilib, unga lemex (tish) deb nom berilgan. Natijada omoch yerga osonroq kira boshlagan. Keyin tuproq omoch tishi boʻylab yoʻnaltirilib agʻdarilishi uchun lemexning yon tomonlari egilgan. Omochning bu egri tomonlari yer yumshatkich deb nomlangan. Lemex va yer yumshatkich omochning asosini tashkil qiladi.
Hozirgi vaqtda omochning lemexli turi keng tarqalgan. Keyinchalik lemex yasashda metalldan foydalanilgan, natijada u ancha qattiqroq va mustahkamroq boʻlgan. XVIII asrda inglizlar lemexni choʻyandan ishlab chiqara boshlagan. 1797-yilda amerikalik ixtirochi Charlz Nyubold Amerikaning birinchi choʻyan omochini ishlab chiqarish uchun patent olgan. Zamonaviy omochlar ishlov beriladigan tuproqqa koʻra choʻyan yoki poʻlatdan yasaladi. Tomas Jefferson omoch asosining (lemex va yer yumshatkich) eng yaxshi shaklini topish uchun matematikadan foydalangani va bu bilan choʻyan omochning keng tarqalishiga hissa qoʻshganidan xabaringiz bormi?
Quruq qattiq tuproqqa ishlov berish uchun lemex oʻrniga diskli omochlar ishlatiladi. Diskli omochlar asosida uchli tigʻlar oʻrniga oʻtkir qirrali poʻlat disklarga ega. Diskli omochlar toshloq tuproq uchun juda mos boʻlib, disklar lemexli omochlar tiqiladigan yoki ishdan chiqadigan joyda toshlar ustidan gʻildirab oʻtib ketishi mumkin. Shuningdek, diskli omochlar oʻgʻitga aylanishi uchun oʻtni tuproqqa yaxshi haydaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.