20.02.2024
Apelsin Xitoyda kamida 4000 yil oldin boʻlgani haqida dalillar mavjud! Apelsin daraxtining ikki xil — shirin va nordon mevasi bor. Yevropada dastlab nordon apelsin yetishtirila boshlangan. U taxminan IX asrda Ispaniya janubi va Sitsiliyani bosib olgan mavrlarga maʼlum boʻlgan.
XI asrga kelib mavrlar bosib olingan mamlakatlarda oʻzlarini xoʻjayin hisoblab, u yerda nordon apelsin va boshqa daraxtlarni ekkan. Nordon apelsin Yevropaning janubida XV asrgacha — Sharq bilan rivojlana boshlagan savdo-sotiq natijasida shirin apelsin olib kelinganiga qadar yetishtirilgan. Garchi nordon apelsinning ayrim navlari hali ham yetishtirilib, isteʼmol qilinsa-da, ular asosan shirin apelsin bilan chatishtirish uchun ishlatiladi. Shirin apelsin dastlab sotib olishga faqat boylarning qurbi yetgan tansiq meva boʻlgan. Qirol va zodagonlar apelsin daraxtlarini sotib olib, oʻz bogʻlariga ekish uchun katta pul toʻlagan. Sovuq mamlakatlardagi izgʻirin qishda muzlashi mumkin boʻlgan janubning apelsin daraxtlari uchun oranjereya deb nomlangan maxsus issiqxonalar qurilgan. Apelsinlar kadkalarga1 ekilgan; yozda ular tashqariga olib chiqilgan, qishda esa shisha ortidagi issiqxonalarda oʻsib, tashqaridagi sovuqqa qaramay gullagan.
Xristofor Kolumb yangi yerlarni qidirib yoʻlga otlanganida, oʻzi bilan apelsin va boshqa koʻplab sitrus mevalar urugʻini olib ketganini bilasizmi? Urugʻlar Ispanyola oroliga ekilgan. Sitrus daraxtlar Gʻarbiy Hindistonning tropik iqlimi va hozirgi Florida shtatida gurkirab oʻsgan. Hindular apelsinni ovqatga ishlatgani va koʻp sayohat qilgani sababli ular oʻtgan manzillarda urugʻlar yerga tushib, unib chiqqan. Shu tarzda unib chiqqan sitrus daraxtlar tez orada yovvoyilashgan. Hozirgi kunda Qoʻshma Shtatlar apelsin yetishtirish boʻyicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Florida shtatida apelsin daraxtlari juda koʻp va u boshqa shtat yoki mamlakatlarga qaraganda koʻproq shirin apelsin yetishtiradi!
¹Kadka — yoni tik yogʻoch bochka.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.