20.02.2024
Inson har doim yaxshi koʻrinishda boʻlishni istagan. Ibtidoiy odam hayvon terisini yopinib, boʻyniga ipga terilgan munchoq va toshlarni osib yurgan. Odam qoʻliga tushgan hamma narsa — poʻstloq, barg, poxol va patlarni kiyimga aylantirgan. Kiyim ibtidoiy odam uchun baʼzan sehrli xususiyatlar kasb etgan. Masalan, u maʼlum bir teriga oʻralib, yovuz ruhlarni haydab chiqarishga uringan. Muzlik davrida muzlab qolmaslik uchun hayvon moʻynalarini yopingan.
Dastlab teri tozalangan, keyin unda teshiklar ochilgan. Kiyim odam tanasida turishi uchun moʻyna parchalarini bir-biriga biriktirish maqsadida bu teshiklar orqali hayvon terisidan qirqib olingan tasmalar yoki paylar oʻtkazilgan. Asta-sekin odam teriga ishlov berib, uni yumshoqroq va egiluvchan qilishni oʻrgangan. Taxminan 40–50 ming yil oldin odam ignani oʻylab topgan. U kiyim tikishda asosiy vositaga aylangan. Keyinchalik odam hayvon junidan ip yigirishni oʻylab topgan. Misrliklar Nil vodiysida oʻsgan zigʻir va paxtadan yengil mato toʻqigan. Qadimda jun xlamida¹ va tunikalar² tayyorlash uchun ham yigirilgan.
Sovuq iqlimli hududlarda kiyim inson tanasini butunlay qoplab, uni sovuqdan himoya qilgan. Sovuq tufayli u yerda kiyimlar torroq qilib yaratilgan. Shuning uchun shim, tunika va issiq kiyimlar bizga oʻsha joylardan kelgan. Qitʼalar oʻrtasida aloqalar oʻrnatila boshlagach, turli hududlarning kiyim uslublari bir-biriga taʼsir qila boshlagan. Ammo turli ijtimoiy guruhlar har xil turdagi kiyimlar kiygan. Quyi sinf vakillarining kiyimi mehnat qilishga qulay boʻlishi uchun erkinroq boʻlgan. Aholining imtiyozli qatlami esa mehnatkash odam emasligini koʻrsatadigan tarzda kiyinishni yoqtirgan.
¹Xlamida — Yunoniston va rimlik erkaklarning plashga oʻxshash kiyimi.
²Tunika — qadimgi Rimda: yengsiz, uzun kiyim.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.