20.02.2024
Keling, mantiqan mulohaza qilaylik. Sanchqi, pichoq va qoshiqlar boʻlmagan davrni tasavvur qiling. Sizningcha, inson dastlab nimani ixtiro qilgan boʻlardi? Pichoqni emas, chunki odam ovqatni qoʻllari bilan maydalay oladi. Sanchqini emas, chunki yegulikni barmoqlari bilan olishi mumkin. Ammo suyuq, ayniqsa, issiq ovqatni isteʼmol qilish uchun unga albatta qoshiq kerak! Demak, odam avval qoshiqni ixtiro qilgan. Darhaqiqat, topilgan qoshiqqa oʻxshash asboblar tosh davriga tegishli! Misrliklar qoshiqni yogʻoch, tosh va fil suyagidan yasagan, yunonlar esa bronza va kumush qoshiqlardan foydalangan.
Biroq odam pichoq va sanchqidan foydalanishni boshlagani haqiqatan oldinga tashlangan katta qadam boʻlgan. Aytgancha, bu yaqinda roʻy bergan. 300 yil oldin dasturxonda pichoq va sanchqining boʻlishi juda gʻayrioddiy tuyulgan.
Fransiyada XIX asrga qadar ovqat qo‘lda yeyilgan. Ammo bu oʻsha davrga qadar pichoq va sanchqi boʻlmaganini anglatmaydi. Ibtidoiy odam sanchqiga oʻxshash, ammo biznikiga oʻxshamagan narsadan foydalangan. U kichik ayri shoxchadan yasalgan boʻlishi mumkin edi. Maʼlumki, birinchi haqiqiy sanchqilar uzun va ikki tishli boʻlib, temir, suyak yoki qattiq yogʻochdan yasalgan. Undan faqat ovqat pishirishda va goʻshtni kesish paytida uni ushlab turish uchun foydalanilgan.
Dasturxonda sanchqidan foydalanish XI asrda boshlangan, ammo juda kam sonli odamlargina undan foydalanadigan darajada nafis xulq-atvorga ega boʻlgan. Pichoq, albatta, insonning birinchi ixtirolaridan biridir, chunki u oʻzi uchun kremniy yoki boshqa toshdan kesish asbobini yasagan. Ammo qadimda oshpichogʻi kabi jihoz boʻlmagan. U hatto 300 yil oldin ham juda kam uchraydigan narsa boʻlgan va aksariyat odamlar bu haqida bilmagan.
Oshpichoq Angliyada XVII asrdan keyin paydo boʻlgan va tez orada undan foydalanish odatiy holga aylangan. Ammo kambagʻal odamlarning uni sotib olishga qurbi yetmagani uchun koʻpchilik qoʻlda ovqatlanishni davom ettirgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.