20.02.2024
Stolsiz uyni tasavvur qilib boʻladimi? Stol ovqatlanish, yozish, oʻynash, ustiga chiroq qoʻyish kabi juda koʻp funksiyalarni bajargani uchun u sivilizatsiya boshlanganidan beri mavjuddek tuyuladi. Metall yoki yogʻochdan yasalgan kichik stollar bizga maʼlum birinchi sivilizatsiya — shumerlar davrida ham ishlatilgan. Keyinchalik bobillik, ossuriyalik va misrliklar ham stol yasash gʻoyasini oʻzlashtirgan. Misrliklar chiroyli koʻrinishdagi, ajoyib bezakli kichik, past stollar yasagan.
Misr sivilizatsiyasidan koʻp narsalarni olgan yunonlar barcha mebellarni, shu jumladan, stollarni ham takomillashtirgan. Ularning stollari marmar, metall va qadama naqshli yogʻochdan yasalgan. Rimliklar mebelni yanada takomillashtirgan. Ular nafaqat butunlay metall yoki yogʻochdan, balki naqshinkor, nafis oʻyma naqshli, fil suyagi va qimmatbaho metallar bilan bezatilgan qimmatbaho stollarni ham yasagan. Ularning oyoqlariga sfinks, ustun, sher yoki qoʻy oyoqlari shakli berilgan.
Rimliklar yonboshlab ovqatlanishga odatlangani uchun stollari past boʻlgan. Aytgancha, qadimda stollar faqat boylarda boʻlgan. Oʻrta asrlarda yumaloq, oval va choʻzinchoq kabi turli shakldagi stollar paydo boʻlgan. Ular juda sodda koʻrinishda yasalgan — taxtalar sobit yoki yigʻiladigan taglikka oʻrnatilgan. Taglikni yopish uchun stol polgacha osilib turadigan dasturxon bilan qoplangan. Ovqatlanishdan keyin stol yigʻib olingan.
XVI asrda boylarning qalʼasidagi katta zalda polga mahkamlangan stol turgan. U zodagonlarga atalgan boʻlib, oddiy xalq alohida kichik stol yoki taxtalarda ovqatlangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.