Oziq-ovqat mahsulotlarini muzlatish qachon boshlangan?

Biz mahsulotlarini muzlatishni zamonaviy ixtiro deb bilamiz, aslida esa bu ularni saqlashning eng qadimgi usullaridan biridir. Sovuq oʻlkalarga koʻchib oʻtgach, odamzod kelajakda isteʼmol qilish uchun baliq, yovvoyi qush va boshqa goʻsht mahsulotlarini muzlatib saqlagan. Oziq-ovqat mahsulotlarini muzlatib saqlash uchun bizga maʼlum birinchi patent 1852-yilda Angliyada berilgan. Bu usulga koʻra, mahsulotlar muzli namakobga botirilgan. Oʻsha paytda oziq-ovqat mahsulotlarini muzlatish uchun berilgan boshqa barcha patentlar ham muzli namakob qoʻllashga asoslangan edi. Ammo mexanik muzlatkich paydo boʻlgunga qadar mahsulotlarni muzlatish unchalik ommabop boʻlmagan. Muzlatkich goʻsht mahsulotlarini muzlatib, ularni uzoq masofalarga tashish imkonini berdi.

XX asr boshida nafaqat goʻsht va baliqni, balki boshqa mahsulotlarni ham muzlatishga urinishlar boʻlgan. G. S. Beyker 1908-yilda Koloradoda mevalarni muzlatishni boshlagan. Asosiy maqsad meva hosilining sotilmagan qismini keyinchalik sotish uchun muzlatish boʻlgan. Dastlab faqat ayrim mevalar, asosan qulupnay va gilos sovuq qadoqlash usuli bilan muzlatilgan. Bu meva solingan idish yoki konteynerlar harorat -25 daraja boʻlgan katta omborlarga joylashtirilishini anglatadi.

1916-yilda Germaniyada oʻtkazilgan tajribalar oziq-ovqat mahsulotlarini tez usulda — bir necha soat ichida muzlatish mumkinligini koʻrsatdi. 1917-yilda Klarens Berdsey oziq-ovqat mahsulotlarini doʻkonlarda sotish uchun moʻljallangan kichik konteynerlarda (paketlarda) muzlatish usulini ishlab chiqishni boshlagan. Ammo qadoqlangan bunday muzlatilgan mahsulotlar bozorda faqat 1919-yilda paydo boʻlgan. Uning tajribalari va boshqa odamlarning urinishlari natijalari koʻplab sabzavotlarni ham shu tarzda muzlatish mumkinligini koʻrsatgan va muzlatilgan oziq-ovqat sanoati kengayishni boshlagan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!