Metalldan foydalanish qachon boshlangan?

Taxminan 6000 yil oldin odam tosh asrida yashagan. Asosiy mehnat va ov qurollari toshdan yasalgani uchun u shunday nomlangan. Inson hali ularni metalldan yasashni bilmagan. Katta ehtimol bilan, odamzod dastlab mis va oltindan foydalana boshlagan. Buning sababi shundaki, bu metallar tabiatda ham sof shaklda, ham ruda tarkibida uchragan. Odam sof mis va oltin boʻlagini topib, ularni eritmasdan turli xil shakllar bera olgan. Odamzod bu metallarni qachon kashf etganini aniq ayta olmaymiz, ammo mis miloddan avvalgi beshinchi ming yillik boshlarida ishlatila boshlangani maʼlum.

Miloddan avvalgi toʻrtinchi ming yillik boshlanishidan sal avval oltin ham ishlatila boshlangan. Miloddan avvalgi uchinchi ming yillikka kelib, odam metall bilan ishlashda koʻp narsani oʻrgangan. Bu vaqtga kelib kumush va qoʻrgʻoshin ham topilgan, ammo shunga qaramay, mustahkamligi va keng tarqalgani tufayli koʻp hollarda mis koʻproq ishlatiladigan metall boʻlgan. Odam metalldan dastlab oʻzi uchun kerakli boʻlgan narsalar — idish, asbob va qurollar yasashni oʻrgangan. Metall bilan ishlash asnosida u toblash (metall avval yumshoq va yopishqoq holatga kelguncha qizdiriladi, soʻngra darhol sovitiladi), eritish va quyish jarayonlarini kashf etgan. Shuningdek, u tabiatda sof holdagi metallga qaraganda koʻproq boʻlgan rudadan mis olishni oʻrgangan.

Keyinchalik odam qalayni topgan va uni mis bilan aralashtirishni oʻrganib, ancha qattiq boʻlgan bronzaga ega boʻlgan. Taxminan miloddan avvalgi 3500-yildan 1200-yilgacha bronza ish va ov qurollarini yasash uchun eng muhim material boʻlgan va shu sababli bu davr bronza asri deb ataladi. Odamzod meteoritlarni topib olib, tabiatda temir mavjudligini uni rudadan eritib olishni kashf etishidan ancha oldin bilgan.

Miloddan avvalgi 1200-yilga kelib, odam temirni qayta ishlashni oʻrgangan va koʻnikmalar avloddan-avlodga oʻtib kelgan. Temir koʻp narsada bronzaning oʻrnini bosgan. Bu temir asrining boshlanishi edi. Rim imperiyasi paydo boʻlgan vaqtga kelib, odamzodga yettita metall — oltin, mis, kumush, qoʻrgʻoshin, qalay, temir va simob maʼlum boʻlgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!